2023-yilda O‘zbekistonning Xitoy bilan savdo aylanmasi hajmi keskin oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning 2023-yildagi Xitoy bilan savdosini tahlil qildi.

Tahlilga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonning Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi 51,5 foizga o‘sib, 13,7 milliard dollarni tashkil etdi. Bunda eksport hajmi 2,5 milliard dollar, import 11,3 milliard dollarga yetgan. Markaz Xitoydan import ulushi qariyb 75,2 foizga o‘sganini qayd etgan.

“2023-yilda Xitoydan importning asosini mashina va uskunalar, sanoat tovarlari va kimyoviy moddalar tashkil qildi”, — deya qayd etgan markaz.

Umuman olganda, 2023-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi 21,9 foizni tashkil etgan. Shundan jami eksportning 10,1 foizi, importning 29,5 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Statistika agentligi hisobotida ikki davlatning 2022-yildagi tovar aylanmasi hajmi 9 milliard dollarni tashkil etgani keltirilgan. Bunda O‘zbekistonning eksport ulushi 2,6 milliard dollar, importi esa 6,4 milliard dollar bo‘lgan.

Markazning eslatishicha, 2023-yilning 17-oktyabr kuni “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining 10-yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari yaqin 5 yilda tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar mavjudligini taʼkidlashgan.

“Xitoy kompaniyalari va moliya institutlari ishtirokida yuqori texnologiyalar, muqobil energetika, kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa sohalarda qator yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda”, — deya qo‘shimcha qilgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111406 | Инструменты