Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yildagi davlat qarzi miqdorini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2024-yil IV choragi yakunida davlat qarzi 40,2 milliard dollarga yetgan. Bu respublika yalpi ichki mahsulotining 35 foiziga teng.
Davlat kafolati ostida olingan kreditlarning 33,7 milliard dollari (84 foizi) tashqi qarz bo‘lib, shundan 17,9 milliard dollari qatʼiy belgilangan foiz stavkada jalb qilingan. Qolgan 15,64 milliard dollari o‘zgaruvchan foiz stavkalarda olingan. Biroq qarz tarkibi sharhlanmagan, kreditlar necha foizdan jalb qilingani ochiqlanmagan.
Ichki qarz miqdori 6,5 milliard dollarga yaqinlashgan (yil boshida 5,9 milliard dollar bo‘lgan). Shundan 5,1 milliard dollar qatʼiy belgilangan foiz stavkada olingan. Shu bilan birga, 1,2 mlrd dollari foizsiz jalb qilingan.
Oxirgi besh yilda davlat qarzi miqdorlari quyidagicha o‘zgardi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat qarzi departamenti direktori o‘rinbosari Behruz Karimovning “Daryo”ga maʼlum qilishicha, eʼlon qilinadigan qarzlar o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i hisoblanadi.
“Agar bu yil 100 million dollarlik qarz shartnomasi imzolansa, umumiy qarz statistikasiga birdaniga shuncha mablag‘ni qo‘shib qo‘ymaymiz. Masalan, olinayotgan mablag‘ 5 yil davomida o‘zlashtirilishi mumkin. Yiliga qancha qismi olingan bo‘lsa, o‘sha yoziladi”, dedi mutaxassis.
Vazirlik ekspertlari so‘zlariga ko‘ra, oxirgi paytlarda yapon iyenasining sezilarli qadrsizlanishi O‘zbekiston tashqi qarzini 250 million dollarga kamaytirgan.
Eslatib o'tamiz, 2025-yilda davlat qarzi 45,1 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,7 foizni tashkil qilishi prognoz qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22800 | Инструменты