Markaziy bank tomonidan prudensial va makroprudensial choralar bank tizimi barqarorligini taʼminlash, shuningdek tizimli inqirozlar vujudga kelishining oldini olish va tizimli tavakkalchiliklarni pasaytirish vositasi sifatida qo‘llaniladi.
So‘nggi yillarda chakana kreditlar bozorida sezilarli faollik, shu jumladan banklar kredit portfelida mikroqarzlar ulushining o‘sishi natijasida aholi qarz yukining o‘sib borishi hamda ayrim banklar kredit portfelida to‘planish (konsentratsiya) tavakkalchiligi yuzaga kelishi kuzatilmoqda.
Shundan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan nizom loyihasida qarz oluvchilarning qarz yuki ko‘rsatkichi (DSTI) hamda kreditning garovga nisbati ko‘rsatkichini (LTV) hisob-kitob qilish tartibi xalqaro standartlar va xorijiy tajriba asosida takomillashtirilmoqda.
Bundan tashqari, banklar uchun sohalar kesimida kreditlar to‘planishi (konsentratsiyasi) koeffitsiyenti kiritilishi nazarda tutilmoqda. Bunda jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlar qoldig‘i bankning jami kredit portfelidagi ulushi 25 foizdan oshmasligi belgilanmoqda.
Qayd etish o‘rinliki, hozirgi kunda mikroqarzlar to‘planishi (konsentratsiyasi) mazkur darajadan yuqori bo‘lgan banklar uchun zarur muddat berilgan holda muvofiqlikni taʼminlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Maʼlumot uchun, yuqorida qayd etilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘zida mujassamlashtirgan hujjat loyihasi regulation.adliya.uz sayti orqali jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31523 | Инструменты