Huawei 1
Parijda tarbiyalangan futbolchi “PSJ”ga qarshi

Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turidan o'rin olgan asosiy o'yin Myunxenda bo'lib o'tadi va u yerga "PSJ" tashrif buyuradi. Bu uchrashuv "Bavariya"da o'ynayotgan parijlik futbolchi uchun o'zgacha bo'ladi. Biz Kingsli Komanni nazarda tutyapmiz. O‘z vaqtida u “PSJ”da o‘z o‘rniga ega bo‘lmagan, keyin esa Chempionlar ligasi finalida sobiq jamoasini jazolagandi.

Koman Parijda tug'ilgan va to'qqiz yoshida "PSJ" akademiyasiga kirgan. Kingslining murabbiyi Iv Gergot futbolchisini o'z tengdoshlaridan sezilarli darajada ajralib turishini ta'kidlagan. Koman Parijning asosiy jamoasidagi ilk o‘yinini 2013-yilning fevral oyida o‘tkazdi va klub tarixiga eng yosh debyutant sifatida kirdi (16 yosh 4 oy 8 kun). O'shanda u Karlo Anchelotti boshchiligida "PSJ" safida debyut qilgan.

Bu Komanning 2012/2013 yilgi mavsumdagi yagona uchrashuvi bo'lib qoldi. Olti oy davomida uni asosiy jamoaga yaqinlashtirishmadi. Keyin ular uni Fransiya Superkubogi o'yinida 16 daqiqa maydonga tushirishdi va Liga 1ning ikkita o'yinida jami 36 daqiqa vaqt berishdi. 2014-yilning yozida yosh futbolchi "Yuventus"ga erkin agent sifatida o'tadi. U jamoadan ketish sabablarini quyidagicha izohlagandi.

"Bu pul bilan bog'liq emas. "PSJ" shunchaki o'yin amaliyotini ta'minlay olmadi. Ijara so'radim, lekin klub rahbariyati rad javobini berdi. Shundan keyin men butunlay ketishga qaror qildim. "PSJ" bir zumda natijaga erishmoqchi va bunga yosh futbolchilar bilan erishib bo'lmaydi. Rahbariyatning sabri yo'q. Ular yosh futbolchilarni yetishtirishni xohlashmaydi”.

Komanga 2014-yilda "Arsenal", "Liverpul" va "Bavariya" qiziqish bildiradi. Biroq, Kingsli “Yuventus”ni tanlaydi, chunki fransuz futbolchilari Turinda yaxshi o‘ynashadi. Komanga ko'proq o'yin vaqti berildi - A Seriyada 14 ta o'yin (489 daqiqa). Ammo u ko'proq narsani xohladi. 2015-yilning yozida "Yuventus" yosh futbolchini "Bavariya"ga sotadi. 20 yoshida Koman Fransiya, Italiya va Germaniya chempionligini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, u Yevro-2016ning bir qator o'yinlarida maydonga tushdi. Bir qancha jarohatlar sababli 2018-yil oxirida Koman faoliyatini yakunlash haqida o'ylagandi: "Bu yil men uchun juda og'ir bo'ldi. Yana jarohat olganimda, xuddi hammasi tugaydigandek edi. Umid qilamanki, boshqa bunday narsalarni boshdan kechirmayman. Agar bu yana takrorlansa, men futboldan ketaman."

Yaxshiyamki, Koman faoliyatini yana qaytadan boshlay oldi. 2020-yilda Chempionlar ligasida g'olib chiqdi. Finalda “Bavariya” fransuz futbolchisining sobiq jamoasi “PSJ”ni mag‘lub etdi. U urgan yagona gol evaziga nemislar g'oliblikni qo'lga kiritdi. Oradan 3 yil o'tib Koman yana "PSJ"ni xafa qildi. Bu safar Chempionlar ligasi 1/8 finalining ilk uchrashuvida nemis klubi Parijda g'alaba qozondi (1:0), Kingsli bu safar ham yagona golga mualliflik qildi.

"PSJ"ni qanchalik yaxshi ko‘rishimni hamma biladi, garchi bu haqda doim gapirmasam ham", – degandi o'sha paytda fransiyalik futbolchi javob o‘yini oldidan. Men anchadan beri o‘ynab kelayotgan “Bavariya”ni hurmat qilaman. Albatta, "PSJ"ga qarshi o'yinda jamoamning g'alabasi uchun hamma narsani qilaman".

Kelajakda Koman "PSJ"ga qaytishi mumkin. Hech bo'lmaganda fransuzning o'zi bunday variantga qarshi bo'lmasdi. U bir necha yil oldin "Bild" nashriga bergan intervyusida shunday degan edi: "Agar qachondir "Bavariya"ni tark etsam, bundan ham top-klubga o'tishim kerak bo'ladi. Ammo bunday imkoniyat yo'q. Faqat bitta variant bor: sevimli bolalik klubi "PSJ"ga qaytish. Aytgancha, Komanning do'sti Presnel Kimpembe Fransiyada to'p suradi. Ular bir-birlarini 10 yildan ortiq bilishadi. Do'stlar yana "PSJ"da birlashishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112920 | Инструменты