Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarovning “Mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar orasidagi kasalliklar profilaktikasi hamda ularni davolash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati, shuningdek sog‘liqni saqlash sohasidagi istiqbol rejalar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O'zbekistonda bolalar sog‘ligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, birlamchi tibbiy xizmatni xalqqa yana-da yaqinlashtirish borasida qator ishlar olib borilmoqda.
Birlamchi bo‘g‘inda onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlari amaliyotga joriy etilgani, bu yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam takomillashtirilishi natijasida onalar o‘limi darajasi 34 foizga, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi esa 26 foizga kamaygan.
Respublika miqyosida, hududlar va tuman (shahar)larda “365 kun /24 soat” tamoyiliga asosan onalar va bolalarga ko‘rsatiladigan yordamni nazoratga olish, tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Bolalarga ambulator tibbiy xizmat 2 300 dan ziyod oilaviy poliklinikalar, 209 ta tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, statsionar yordam esa 13,3 mingta o‘ringa ega 245 ta viloyat va tuman darajasidagi hamda 9 ta respublika muassasasi tomonidan ko‘rsatilmoqda.
Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari va poliklinikalarda bolalar bo‘limlari tashkil etilgan. Qolaversa, barcha “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 20 ming bolalar hamishirasi hamda patronaj-doya lavozimi joriy etilgan. Tuman, (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida “bolalar bo‘limlari”, “qizlar salomatligi” bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
A. Xudayarovning taʼkidlanishicha, respublikada har yili tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan, yuqori texnologik operatsiyalarga muhtoj o‘g‘il-qizlarda yurtimizning 8 ta tibbiyot muassasasida kardioxirurgik amaliyotlar bajarib kelinmoqda.
Xususan, 2023 yilda 4 458 nafar bolada (2022 yilda 3 676 nafar) jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan. Ulardan 987 nafari kam invaziv usulda, yaʼni kesmalarsiz bajarilgan. Bolalar o‘rtasida onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida joriy yilning besh oyida 219,7 nafari ommaviy, 392,6 nafari selektiv skriningdan o‘tkazilib, 239 nafarida kasallik aniqlangan holda, sog‘lomlashtirish uchun nazoratga olingan.
Joriy yilning birinchi yarmida 1 962 ta kardioxirurgik, 460 endoskopik, 583 ta neyroxirurgik yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, 2 985 nafar o‘g‘il-qizda nogironlikning oldi olindi. Bundan tashqari, 200,2 ming nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq audioskriningdan o‘tkazilib, 267 nafar bolaga koxlear implantat o‘rnatilgan va eshitish qobiliyati tiklangan.
Majlisda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etib, tibbiyot muassasalarini dori vositalari, tibbiy uskuna va sarflov ashyolari bilan to‘liq taʼminlash choralarini ko‘rish, bunda kafolatlangan paket, bazaviy narxlar va imtiyozli kontingentni ixtisoslashgan tibbiy yordamga yo‘llash tartibini qayta ko‘rib chiqish lozimligini qayd etdilar.
O‘z navbatida, tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va shifoxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni oxiriga yetkazish choralarini ko‘rish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini yana-da kuchaytirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.
Majlisda A. Xudayarovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62203 | Инструменты