24-sentyabr kuni Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti vakillari, Ozarboyjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi mutaxassislari ham qatnashdi.
Maʼlum qilinishicha, ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishining asosiy kun tartibi Prezident Sadir Japarovning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini muhokama qilish, shuningdek, yaqin kelajakda ekspertlar o‘zaro hamkorligining yangi yo‘nalishlarini izlash kabi masalalardan iborat bo‘ldi.
SMTI direktori Eldor Aripov ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikaga alohida to‘xtalgan.
“Davlat rahbarlari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish maqsadida 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan, poytaxtlarda savdo uylarini tashkil etish, shuningdek, eksport-import kontraktlari portfellarini shakllantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini qabul qilishdi. Shu bilan birga, SMTI vakili bugungi kunda ikki mamlakat fuqarolari o‘zaro hamkorlikning intensiv va progressiv xarakterini his qilib, undan real foyda olmoqda”, — degan Aripov.
SMTI direktorining so‘zlariga ko‘ra, Qorasuvdagi o‘tkazish punktining ochilishi qirg‘izistonliklar uchun katta qulaylik yaratmoqda. Misol uchun, agar ilgari O‘shdan Jalolobod viloyatiga Qirg‘iziston hududidan o‘tuvchi yo‘nalish 120 km bo‘lgan bo‘lsa, endilikda O‘zbekiston hududidan tranzit o‘tish hisobiga atigi 19 kmgacha qisqartirilishi mumkin.
Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti direktori Sanjar Mukanbetov esa O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari hozirda misli ko‘rilmagan cho‘qqida ekanini, o‘rnatilgan ittifoq, davlat rahbarlarining samimiy va ishonchli munosabatlari tufayli erishilgan yutuqlarni asrab-avaylash va yana-da oshirish nihoyatda muhimligini taʼkidlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62400 | Инструменты