O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ezgu niyat elchisi bo‘ldi
Joriy yil 20-iyun kuni Pekin shahrida SHHT kuniga bag‘ishlangan qabul doirasida Tashkilotga a’zo davlatlarning tegishli bir guruh vakillariga SHHTning ezgu niyat elchisi faxriy unvonini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi.
Marosimda SHHTga a’zo davlatlar elchilari, doimiy vakillar, Xitoy davlat idoralari vakillari, SHHT kotibiyati rahbariyati hamda xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda SHHT Bosh kotibi Chjan Min O‘zbekiston Respublikasidan nomzod Akmal Nurga “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvoni sertifikatini tantanali tarzda topshirdi.
Ma’lumki, Tashkilotning 2021-yilda Dushanbe shahrida o‘tgan sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "SHHTning ezgu niyat elchisi" institutini joriy qilish tashabbusini ilgari surgan edi.
2022-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan “SHHTning ezgu niyat elchisi”ning faoliyat vakolatlari, funksional vazifalari va moliyaviy yo‘riqlari ko‘rsatilgan tegishli Nizom tasdiqlandi.
SHHTning ushbu faxriy unvoniga birinchilardan sazovor bo‘lgan O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Akmal Nur O‘zbekiston madaniyati va san’ati rivojiga katta hissa qo‘shayotgan, ijodi bilan nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham dovrug‘ qozongan rassom sanaladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur “SHHTning ezgu niyat elchisi” faxriy unvonini olgan ilk namoyandalar sa’y-harakati kelgusida madaniy-ma’rifiy sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, mintaqada hamjihatlik, do‘stlik va birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik va teng manfaatli aloqalarni izchil yo‘lga qo‘yishda xizmat qilishiga ishonch bildirdi
Alpha version: 0.9.1.19 build 72010 | Инструменты