Prezident tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlariga oid xalqaro bitim ishlab chiqildi. Mazkur xalqaro hujjat tashabbuskor davlat tomonidan birinchilar qatorida ratifikatsiya qilinmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida "Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2023 yil 14 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
– 2022 yil 21 iyulda Cho‘lpon-otada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining IV maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu bitimni tuzish tashabbusi ilgari surilgan edi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova. – Mazkur bitim mintaqa yoshlarini birlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash yo‘lidagi muhim hujjat hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlarida davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga hamda tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bitimning asosiy yo‘nalishlari yoshlarni Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy hayotiga jalb qilish, faolligini oshirish, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan turli dasturlarni ishlab chiqish, taʼlim muassasalarida tahsil oluvchi yoshlar o‘rtasida ochiq va sifatli taʼlim olishni taʼminlash, ilg‘or tajriba almashish hamda ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida olimpiya, paralimpiya, milliy sport turlarini targ‘ib qilish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Shuningdek, iqtidorli yoshlarning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, yoshlar o‘rtasida ixtiyoriy (volontyorlik) harakati faoliyatini rag‘batlantirish va targ‘ib qilish, Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim yoshlar turizmini rivojlantirishga ko‘maklashish va yoshlar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan turizm infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish bitimning muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.
Muhokamalarda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi ushbu bitimning tashabbuskori va depozitariyi sifatida uni birinchilardan bo‘lib ratifikatsiya qilishi, ushbu xalqaro hujjatning kuchga kirishi uchun Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari ham ichki tartib-taomillaridan o‘tkazishiga turtki bo‘lishini alohida taʼkidladi.
Muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32607 | Инструменты