Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Unda Senat aʼzolari, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi aʼzolari, ekspertlar, viloyat hokimliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasi masʼul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda korrupsiyaviy holatlarga chek qo‘yishda mahalliy davlat hokimiyati va boshqa davlat organlarida ichki nazorat yetarli darajada amalga oshirilmayotgani qayd etildi.
Qonunchilikka zid bo‘lgan bunday holatlar hududdagi har bir kengash aʼzosidan o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni tezkor aniqlash va ularga chek qo‘yish, shuningdek, ularning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan samarali faoliyat ko‘rsatishini talab etishi taʼkidlandi.
Majlis yakunida hududdagi korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatni yana-da kuchaytirish, huquqbuzarlik holatlarini bartaraf etish hamda qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan qo‘mitaning qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, vazirlik va idoralarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120301 | Инструменты