Dunyo arxitekturasi yutuqlari asosida Yangi Toshkent qurishga kirishilmoqda. O'zbekiston tarixida hali bunaqa loyiha bo'lmagani ta'kidlanmoqda.
Shaharsoz Umidjon Fayziyevning ta'kidlashicha, uni barpo etish uchun bir qancha loyihalar ishlab chiqilib, ichidan eng maqbuli tanlab olingan. Mutaxassisning qayd etishicha, "aqlli shahar"da hamma narsa shu so'zga monand bo'ladi. Hattoki, axlat tashash jarayoni ham o'zgacha bir dastur asosida amalga oshiriladi.
Yangi Toshkent uchun Yuqori Chirchiq va O'rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 gektarda aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obyektlari qurish rejalashtirilgan.
“Agar buni boshlamasak, Toshkentda 5 yildan keyin odamlar yasholmaydi”, - deya Yangi Toshkent shahri qurilishiga izoh berdi prezident Shavkat Mirziyoyev.
"32 yil ichida birinchi marta namunaviy, jahon standartlariga mos loyiha qilyamiz. Bu 300-400 yilga, nevara-chevara va hokazo kelgusi avlodlarimizga qolishi kerak, bizdan keyingi avlod ham buni davom ettirishi kerak”, – deya qo'shimcha qildi davlat rahbari.
Yangi Toshkent "aqlli" va bog' shahar bo'lishi aytilmoqda. Shaharning istalgan joyidan 15 minut yurib sohilbo'yiga tushish mumkin bo'ladi.
Transport logistikasi masalasi bo'yicha Janubiy Koreya, Germaniya va Turkiya bilan hamkorlik qilinishi ko'zda tutilmoqda. Unga ko'ra, hozirgi Toshkentr shahridagi 2 ta metro liniyasi bilan Yangi Toshkentniki bog'lanadi. Bular "Buyuk ipak yo'li" va "Do'stlik" metro bekati. Yangi shaharga 30-35 minutda metro orqali yetib kelish imkoniyati yaratiladi. Bu aholi uchun katta qulaylik bo'ladi.
Qurilish ishlari qachon boshlanadi?
Qayd etilishicha, qurilish birinchi yer ostidan boshlanadi. Birinchi yo'l quriladi. Faol ravishda oktabr oyidan qurilish ishlari boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishgani haqida xabar bergan edik. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi. 420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112315 | Инструменты