II Xalqaro baxshichilik festivali doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichi yakunlandi

Nukus shahrida 13-14 sentyabr kunlari II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichi yakuniga yetdi.

Sharq xalqlari folklor san’atining yetakchi janri bo‘lgan baxshichilikni keng targ‘ib qilish, folklor an’analari va qadriyatlarini saqlash, o‘rganish, targ‘ib etish, rivojlantirish va baxshichilik san’atining mohir ijrochilarini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 80 nafarga yaqin baxshi va jirovlar ishtirok etdi.

Ikki kun davomida baxshi va jirovlar tomonidan termalar, kuy-qo‘shiq va dostonlar ijro etildi. Oqinchilik maktabi bo‘yicha baxshilarning chiqishlari tinglanib, hay’at a’zolari tomonidan baholab borildi.

Nukus shahridagi Yosh tomashabinlar teatrida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari B.Ahmedov va boshqalar so‘zga chiqdi.

Baxshichilik va dostonchilik san’ati tarixi, baxshilar va dostonchilar ijodini mukammal o‘rganish, xalq og‘zaki ijodi yodgorliklarini to‘plash, yosh avlod qalbida baxshichilik san’atiga mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, yosh avlodni mardlik, halollik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga va ajdodlar merosiga yuksak sadoqat ruhida tarbiyalash uchun tashkil etilgan ushbu festival doirasida qator tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Shubhasiz, ushbu tadbirlar o‘zaro do‘stlik, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tanlov yakunida oliy o‘rin – Gran-pri Qashqadaryo viloyatidan Bahrom Rahimovga, birinchi o‘rinlar to‘rtta maktab yo‘nalishi bo‘yicha Surxondaryo viloyatidan Baxshiqul Tog‘ayev, Xorazm viloyatidan Feruz Normatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Janibek Piyazov va Gulbahor Aqimbetovaga nasib etdi.

Qashqadaryo viloyatidan Mahmatmurod Rajabov, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Adilbek Baxtibayev, Toshkent viloyatidan Talg‘at O‘rinbayev, Xorazm viloyatidan Karimbay Otamurodov ikkinchi, Surxondaryo viloyatidan Ravshan Mahmatmurodov va Muhammad Eshboyev, Jizzax viloyatidan Ozod Temur, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Quvanish Seytimbetovlar uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, «Eng yosh baxshi», «Eng namunali jamoa», «Eng iqtidorli ayol baxshi», «Eng yaxshi termalar ijrochisi» kabi 13 ta nominasiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

G'olib va sovrindorlarga maxsus diplom va pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 53121 | Инструменты