O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “E-anticor.uz” portalini texnik rivojlantirish bo‘yicha 990 million so‘mlik shartnoma tuzdi. Bu haqda davlat xaridlari portali ma’lumotlarida keltirilgan.
Shartnoma 2024-yilning 30-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Ta’lim sifat invest” xususiy korxonasi bilan tuzilgan.
Shartnomaga ilova sifatida “E-anticor.uz” elektron tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlarni bajarishning kalendar rejasi hamda spetsifikatsiyasi tasdiqlangan.
Kalendar rejaga muvofiq ishlar uch bosqichda amalga oshirilishi va 130 kun davomida buyurtmachiga topshirilishi belgilangan.
Shartnomaning umumiy bahosi 2-ilovada ko‘rsatilgan narxlarni kelishish bayonnomasiga muvofiq qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan jami 990 000 000 (to‘qqiz yuz to‘qson million) so‘mni tashkil qiladi.
Bunda dastlabki loyihaviy yechimlarni ishlab chiqish (eskiz loyihasini amalga oshirish) va buyurtmachi bilan kelishish 25 million so‘m, loyiha dizayn maketlarini ishlab chiqish esa 95 million so‘m, elektron tizim va uning modullarini dasturlash ishlarini olib borish, ishlab chiqish, sozlash va o‘rnatish ishlarini amalga oshirish 775 million so‘mga baholangan.
Foydalanish hujjatlarini ishlab chiqish, tizimni foydalanishga topshirish, qo‘llab-quvvatlash, qabul qilish, sinovdan o‘tkazish va kafolatli xizmat ko‘rsatish ishlari esa jami 95 million so‘mni tashkil etgan.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakolatli organ hisoblangan agentlikning o‘zi shartnoma bilan bog‘liq bir qator qonunbuzilishlarga ham yo‘l qo‘yganini ko‘rish mumkin.
Misol uchun, qonunning 71-moddasida davlat buyurtmachilari to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzilgani to‘g‘risidagi axborotni shartnoma tuzilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shartligi, bo‘lmasa, ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Shunday bo‘lsa-da, agentlik mas’ullari 30-sentyabr kuni tuzilgan shartnomani oradan o‘n ikki ish kuni o‘tib joylashtirgan.
Bundan tashqari, shartnoma tuzilishidan avval muhokama qilish uchun tizimga joylashtirilgani, biroq jamoatchilik tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish bo‘yicha e’tirozlar tushmagani bildirilgan bayonnoma ilova qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121300 | Инструменты