Huawei 2
Farg'onada hokim oʻrinbosari obuna rejasini bajarmagan kollej direktorini kaltakladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bogʻdod tumani pedagogika kolleji zimmasiga yuklangan 2024-yilgi gazeta va jurnallar obuna rejasini bajarolmagan muassasa direktori tuman hokimining oʻrinbosari tomonidan kaltaklangani aytilgan xabarlar tarqaldi

Holat yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirdi. 

Aniqlanishicha, voqea 14-noyabr kuni Fargʻona viloyati Bogʻdod tumani hokimligi yigʻilishida roʻy bergan.

"Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi professional taʼlim tizimiga masʼul sifatida holatni tashvishli deb baholaydi va keskin qoralaydi. Vazirlik hokim oʻrinbosarining xatti-harakatiga huquqiy baho berilishi va bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi uchun zarur choralar koʻrilishi kerak deb hisoblaydi.

Shuningdek, vazirlik gazeta va jurnallarga majburiy obuna tashkil etilishiga mutlaqo qarshi boʻlib, bunday holatlarga qarshi kurash, oldini olish maqsadida oliy va professional taʼlim muassasalari, professor-oʻqituvchilar, oʻquvchi-talabalar hamda boshqa xodimlar oʻrtasida doimiy tushuntirish ishlari olib borilishini maʼlum qiladi", - deyiladi vazirlik munosabatida.

Agar taʼlim muassasalarida gazeta-jurnallarga majburiy obuna holatlari aniqlansa, qonun doirasida zarur choralar koʻrilishi haqida ham ogohlantirilgan.

Taʼlim muassasalari oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, muassasaga mazkur maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida istagan va zarur deb hisoblagan bosma nashrlarga ixtiyoriy ravishda obuna boʻlishlari mumkin. Bunda professor-oʻqituvchilar, xodimlar va oʻquvchi-talabalarni majburiy obuna qildirish qatʼiy taqiqlanadi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga