Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu haqda 25 fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqni va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.
Konsepsiya davlatchilik rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratishdan, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashishdan, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashdan, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22723 | Инструменты