Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer hisobini yuritish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tmoqda.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida 286 ming gektar yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar to‘liq emasligi, 159 ming gektar yerning hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qilishi, avvalgi davrlarda doimiy foydalanish uchun ajratilgan 460 ming gektar yerning huquqiy maqomi aniq emasligi qayd etildi.
Oqibatda jami 900 ming gektardan ziyod qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tmasdan turibdi. Kadastri yo‘qligi sababli takroriy ekinlar uchun bu yerlarni rasman ikkilamchi ijaraga berish imkoni bo‘lmayapti. Bularni oqibatida kamida 300 ming ish o‘rni, takroriy ekindan olinayotgan mahsulot hamda norasmiy ijaraning hisobi yuritilmayapti.
O‘tgan hafta Surxondaryoga tashrifda “plyonka ostida parnik” tashkil qilib, eksportbop sabzavot ekinlarini ekish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Hududlarda bunday usulda ekin ekishni istaganlar juda ko‘p. Lekin ular uchun yer olish murakkab. Shu bois, kelgusi yildan ekin yeri yuqori unumli urug‘, ko‘chat, agro-texnologiya, eksport ko‘nikmalariga ega bo‘lganlarga auksion orqali ijara huquqi bilan sotiladi.
Mutasaddilarga 2024-yil 1-fevralga qadar kamida 15 ming gektar yerni lotlarga bo‘lib, eksportbop sabzavot yetishtirish uchun o‘rtacha 1 gektardan auksionga chiqarish, auksiondan yer olgan aholiga urug‘, o‘g‘it, plyonka va aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish, hosildor eksportbop ekinlar urug‘ini kafolatli yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.