O‘zbekistonda talabalarga 5 ta qisqa metrajli film yaratishlari uchun 750 mln soʻm mablagʻ taqdim etildi

26-sentyabr kuni Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Toshkent shahridagi S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali bilan hamkorlikda suratga olinadigan 5 ta qisqa metrajli filmlar uchun ssenariylar tanlovi gʻoliblarini mukofotlash marosimi boʻlib oʻtdi. 

Marosimda Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchilari Isajon Sultonov va Nazokat Abduqunduzova, Toshkent shahridagi S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti direktori Eldor Yuldashev hamda institut talabalari ishtirok etdilar.

Mazkur tanlov Toshkent shahridagi S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti talabalari uchun oʻtkazildi. Tanlovga 15 ta ssenariylar kelib tushgan boʻlib, shundan 14 ta ssenariy tanlovda ishtirok etib, loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Taqdimot natijalariga koʻra hakamlar hayʼati tomonidan 5 ta qisqa metrajli film ssenariysi gʻolib topildi. Bular Umid Roʻziboyevning “Konduktor”, Baxtiyor Fattohovning “Xiyonat”, Bahrom Musurmonovning “Xram VGIK”, Moʻmin Tursunovning “Bezori”, Sanjar Murodshayxovning “Kimono” qisqa metrajli filmlari ssenariysidir.

Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 5 ta qisqa metrajli filmlar ishlab chiqarish uchun 750 mln soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, har bir gʻolib talabaga 150 mln soʻmlik sertifikatlar topshirildi.

Talabalarning ijodiy ishlari uchun oʻtkazilgan ilk  tanlov yoshlarning kino sohasidagi birinchi qadamlarini qoʻllab-quvvatlashga, kinematografiya sohasining rivojlanishiga hamda talabalar, pedagoglar, yosh olimlar hayoti va faoliyatining badiiy talqinini aks ettirishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61000 | Инструменты