Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi tushib, savdo ko‘rsatkichi oshganini mo‘jiza deb atadi. Bu fikrni 26-fevral kuni O‘zbekiston—Pokiston sammiti yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdi.
“Siz davlat boshqaruviga kelgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekistonni qaytadan transformatsiya qildingiz. Siz jamiyatni qayta tikladingiz. Agar adashmayotgan bo‘lsam, 2016-yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 42 foiz bo‘lgan, savdo ko‘rsatkichi ham past edi. Bugun kambag‘allik darajasi 8 foizga tushdi, investitsiyalar hajmi esa 30 milliardga yetdi. Shuning o‘zi katta mo‘jiza emasmi?! Bu rostdan ham mo‘jiza”, dedi Shahboz Sharif.
Uning ta’kidlashicha, bunday natijalarga balandparvoz gaplar orqali erishilmaydi yoki yaxshi bir kengashni tashkil etish bilan hal bo‘lib qolmaydi. Mo‘jizalar aniq qarashlar, yuqori dinamika, tinimsiz mehnat va yakdil maqsad sari dadil intilish orqali paydo bo‘ladi.
“Men mana shunday ulug‘ sifatlarni sizda ko‘rdim”, dedi Pokiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevga qarata.
O‘zbekiston prezidenti uchrashuvlar samarali bo‘lganini alohida qayd etib, ushbu tarixiy tashrif O‘zbekiston—Pokiston strategik sherikligida yangi sahifa ochishini ta’kidladi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22714 | Инструменты