Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mobil malaka oshirish xizmatlari negizida tashkil etilgan avtobuslarni hududlarga tarqatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik mas’ullari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrdagi tegishli farmoniga muvofiq, joriy yilning 1 martidan boshlab tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini joriy etish belgilangan.
Maktabgacha va maktab vazirligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tajriba sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarida mobil malaka oshirish xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mazkur mobil malaka oshirish xizmatlari 4 ta auditoriya ko‘rinishida qayta jihozlangan avtobuslar negizida tashkil etiladi. Avtobuslar bir vaqtning o‘zida 14 nafar pedagogga mashg‘ulotlar o‘tishga mo‘ljallangan o‘quv o‘rinlari, 10 dona HP markali noutbuk, 1 dona 65 dyumlik interaktiv monitor, yozuv doskasi, 1 dona internet tarqatuvchi qurilma (WI FI router) bilan qayta jihozlangan. Mazkur avtobuslardan uzoq va chekka hududlarda joylashgan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini ko‘rsatish, ya’ni uzluksiz kasbiy rivojlantirish (“Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”) tadbirlarini tegishli hududlarga borgan holda trening, seminar va boshqa shakllarda tashkil etish maqsadida foydalaniladi.
Pedagoglarga yashash va ish joyidan uzoqqa ketmagan holda uzliksiz kasbiy rivojlanish, bilimlarini yangilab borish orqali maktabgacha ta’lim sifatini oshirish imkoniyatlari yaratiladi. Avtobuslar treninglar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur barcha vositalar bilan jihozlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22720 | Инструменты