Huawei 1
Otabek Hasanov: "Yo‘l ko‘rsatuvchi"larga aslo ehtiyojimiz yo‘q

Avvalroq, Toshkentdagi maktabda sodir bo‘lgan holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova O‘zbekistondan izoh berishini so‘ragandi. Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov munosabat bildirdi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchining o‘quvchiga nisbatan qilgan xatti-harakatlari tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Albatta, bu holatda o‘qituvchini oqlab bo‘lmaydi, bu bola huquqlariga zid holat, qadriyatlarimizga begona xatti-harakat. Bolaning huquqlari tegishli tashkilotlar tomonidan himoya qilinmoqda, o‘qituvchiga nisbatan zarur choralar ko‘rilmoqda.

 Lekin bir nafar o‘qituvchining vaziyatdagi ruhiy holati sabab qilgan harakatlari misolida 100 mingdan ortiq pedagoglarimizga, millat tarbiyachilarimizga baho berish ham noto‘g‘ri", deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari. 

Otabek Hasanov vaziyatni murakkablashtirish, holatdan milliy nizolarni uyg‘otishga urunayotganlar yana bir bor davrning g‘oyaviy tahlikalarga to‘laligini eslatyotganini bildirdi. U O‘zbekiston mustaqil, huquqiy-demokratik, dunyoviy davlat ekanini bildirib, mamlakatda yoshi, millati, dini, kasbidan va boshqa holatidan qat’iy nazar qonun hammani himoya qilishini, huquqlarni buzganlar jazolanishini qo‘shimcha qildi.

"Mamlakatda katta-katta masalalar ham xalq bilan birlashib, fikrlashib hal qilib kelinmoqda. Mazkur vaziyat ham o‘z ishimiz, o‘z uyimizda bo‘layotgan holat. Unga boshqalarning bosh suqishi, ichki ishlarimizni hal qilishga urunishiga aslo hojat ham yo‘q. 

Bizning 130 dan ortiq turli millat va elatlar bilan har doim, hozirgidek inoq, tinch, birlashib bir O‘zbekiston bo‘lib harakat qilish, maqsadlarga yetishda bu kabi “fikr beruvchi”, “yo‘l ko‘rsatuvchi”larga aslo ehtiyojimiz yo‘q", deydi Hasanov. 

Shu o‘rinda u ziyolilarni doimo birlashib, o‘z fikr, qarashlari bilan jamiyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga chaqirgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92718 | Инструменты