O'zbekistonda tovar belgisini ro'yxatdan o'tkazish qoidalari o'zgartirildi

Adliya vazirining buyrug‘i bilan Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda "Norma" xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hujjat «Intellektual mulk ob’yektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq qabul qilingan. Yangi tartibda talabnoma beruvchining xohishiga ko‘ra talabnomaning ekspertizasi vakolatli organ tomonidan tezkor tartibda, ya’ni talabnoma ko‘rib chiqishga qabul qilingani to‘g‘risida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran bir oy mobaynida o‘tkazilishi nazarda tutilgan. 

Ta’kidlanishicha, talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda o‘tkazish talabnoma beruvchining bu haqdagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi. Iltimosnoma vakolatli organga talabnoma bilan bir paytda yoki u topshirilgan sanadan e’tiboran uch oy davomida taqdim qilinishi kerak bo‘ladi.

Ifodalangan belgini ekspertizadan o‘tkazish Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan amalga oshiriladi («Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasi). Bundan tashqari, yangi tartibda ifodalangan belgining muhofazaga layoqatlilik axborotini izlash rasmiy ekspertiza yakunlangan kundan boshlab 10 kun ichida amalga oshirilishi qayd etilgan.

Uning natijalari bo‘yicha hisobot tuziladi, unda quyidagilar aks ettiriladi:

- izlash o‘tkazilgan talabnoma raqami;
- talabnoma topshirilgan sana;
- talabnomada ko‘rsatilgan belgining tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikasiyasi (TXXK) bo‘yicha sinflari;
- axborotni izlash o‘tkazilgan belgining tasviri;
- ma’lumotlar bazalari, lug‘atlar, maxsus adabiyotlar ro‘yxati;
- bibliografik ma’lumotlar ko‘rinishidagi axborotni izlashga aloqador hujjatlar, muayyan sinflarga havolalar;
- axborotni izlash yakunlangan sana.

Qayd etilishicha, ommaga ma’lum bo‘lgan har qanday ma’lumotlar axborot izlashning hajmiga kiritilishi mumkin. Aytilishicha, mazkur jarayonga oid qoidalarga boshqa o‘zgartish va qo‘shimchalar ham kiritilgan. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2021 yil 8 oktyabrdan kuchga kirgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52420 | Инструменты