Kosmetologiya xizmatlari shifokor tomonidan o‘tkaziladigan, litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi. Ammo, baʼzi xususiy klinikalar tomonidan hech qanday huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan sertifikatlar bilan bunday xizmatlarni ko‘rsatish holatlari uchrab turadi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan davrida fuqarolardan 320 dan ziyod ariza va shikoyatlar kelib tushgan bo‘lib, unda sifatsiz ko‘rsatilgan xizmatlar orqali sog‘likka to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar yetkazilgani yaʼni terining shikastlangani, to‘qimalarda deformatsiya, shish, yoriqlar, toshmalar kabi asoratlar yuzaga kelgani yuzasidan eʼtirozlar bildirilgan.
Xususan,Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.R. ham 600 ming so‘m to‘lovni amalga oshirib, “Primjanova Ayjan” YATTga tegishli Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Aya Belle Studios” lazer studiyasi xizmatidan foydalanganida badanida nomaʼlum toshmalar paydo bo‘lgani va sog‘ligiga ziyon yetgani haqida murojaat qilgan.
Mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar boshqarmasini jalb etgan holda o‘rganib chiqildi. Murojaat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi “Aya Belle Studios” lazer studiyasi faoliyati bo‘yicha quyidagi kamchiliklar aniqlangani bildirilgan:
1. Bu xizmat aynan dermatovenerologiya bo‘yicha rezidentura va kosmetologiya mutaxassisligi bo‘yicha kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tgan oliy tibbiy maʼlumotga ega bo‘lmagan xodim tomonidan amalga oshirilgan;
2. Xodimda lazerli maxsus apparat bilan ishlash ko‘nikmalarini tasdiqlovchi sertifikati mavjud emas;
3. Mazkur YATT tibbiy faoliyatni yuritish uchun reyestr ro‘yxatidan o‘tmagan hamda tibbiy litsenziyasiz noqonuniy faoliyat olib borgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasida ishlab chiqarilishiga, tarkibiga bog‘liq bo‘lgan va boshqa nuqsonlari, shuningdek isteʼmolchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkining xavfsizligini taʼmin eta olmaydigan materiallar, uskunalar, asbob-anjomlar, moslamalar yoki boshqa vositalar qo‘llanilishi oqibatida isteʼmolchining hayotiga, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnoma munosabatlariga kirishgan-kirishmaganidan qatʼi nazar, har qanday isteʼmolchi tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan.
O‘rganishlar natijasida “Aya Belle Studios” lazer studiyasi tomonidan xizmat ko‘rsatish jarayonidagi kamchiliklar yuzasidan qo‘shimcha xavfsizlik va gigiyena choralarini kuchaytirish yuzasidan o‘z xodimlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Fuqaro Sh.R.ning huquqlari buzilganligi aniqlandi va unga yetkazilgan zarar qoplab berilishi taʼminlandi.
Raqobat qo‘mitasi yuqoridagi holatlarga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga maʼlumot kiritdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121416 | Инструменты