Ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston bo‘ylab o‘tkir respirator virusli infeksiyalar avj olgani, ayniqsa, maktab va bog‘chalarda kasallik keng tarqalgani, oqibatda poliklinikalar emlanmagan bemor bolalar bilan to‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Xo‘sh, bu qanchalik asosli?
Ushbu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov batafsil javob berdi.
— Avvalo, shuni aytish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bu xabarlar haqiqatga zid, — deydi mutaxassis. — Boisi ayni paytda yurtimizda mavsumiy respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q.
Gap shundaki, havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, ularning ko‘tarilish davri kuz-qish va qish-bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Bundan esa zinhor xavotirga tushish kerak emas.
Misol uchun, bir necha kun avval mamlakatimizda qish mavsumiga xos bo‘lmagan iliq ob-havo kuzatildi. Kecha esa, aksincha, hududlarda qor yog‘ib o‘tdi. Albatta, havoning bunday tez-tez o‘zgaruvchanligi bois aksariyat insonlar mavsumga mos kiyinishga yetarlicha eʼtibor qaratmaydi.
Qolaversa, bunday iqlim sharoitida xonadonlar va yopiq bino-inshootlarda havo almashinuvi kamayishi hisobiga atmosferada viruslar konsentratsiyasi oshishi kuzatiladi.
Bilamizki, respirator xastaliklarni keltirib chiqaradigan viruslarning turlari juda ko‘p. Gripp, paragripp, renovirus, adenovirus, hatto, koronavirus infeksiyalari shular jumlasidan. Shu sababli hozir kuzatilayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalarni tabiiy holat, deb qabul qilish zarur.
Ushbu turdagi kasalliklar bir necha klinik belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Dastlab burun shilliq qavatida qichishish, keyinchalik hid bilish qobiliyati qisman pasayishi, aksirish, burun oqishi kuzatiladi.
Keyinchalik esa tomoqda achishish, qurish, og‘riq, ovoz bo‘g‘ilishi va quruq yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin. Kasallikdan tuzalish bosqichida esa balg‘am ko‘chishi, xastalikning yumshashi, yo‘tal chog‘ida og‘riqlar pasayishi singari holatlar qayd etiladi.
Bunday paytda, eng avvalo, epidemiologik vaziyat barqarorligini taʼminlash uchun bemorlar jamoat joylariga chiqishdan, odamlar bilan muloqotdan imkon qadar o‘zlarini cheklashlari, ijtimoiy masofa saqlashlari lozim.
Ayniqsa, virusga chalingan odamlar va ularning parvarishi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar tibbiy niqobda bo‘lishlari tavsiya etiladi. Xastalik belgilari kuzatilgan yurtdoshlarimiz esa shifokor tavsiyasi asosida davo muolajalarini boshlashlari maqsadga muvofiq.
Qolaversa, har bir odam immunitet mustahkamligini taʼminlash uchun meva-sabzavotlar, turli ko‘katlar va qaynatmalar isteʼmol qilishi hamda mavsumga mos kiyinishi lozim.
Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan ushbu oddiy tavsiyalarga rioya qilgan holda mavsumiy respirator kasalliklar tarqalishining oldini olishga eʼtiborli bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22723 | Инструменты