Huawei 1
Surxondaryodagi qishloqda bo‘rilar paydo bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ba’zi qishloqlarda tog‘dan bo‘rilar tushib keldi. Bu haqda Surxondaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, bo‘rilar qishloqlarda kezib yurgani haqidagi ijtimoiy tarmoqda tarqalib ketgan videolar joriy yilning 7 dekabr kuni kechki payt Sariosiyo tumani “Zaynobod” qishlog‘i “Marjona” mahallasida tasvirga olingan.

Qayd etilishicha, Sariosiyo tumani tog‘li va tog‘ oldi hududlarida havo sovib ketganligi sababli yovvoyi hayvonlarning boshqa hududlarga tushib kelish holatlari kuzatilishi mumkin.

“Bunday holatlarda aholidan ortiqcha vahimaga tushmasliklari, hayvonlarga o‘zboshimchalik bilan zarar bermasligi hamda yovvoyi hayvonlarni ko‘rgan vaqtida Sariosiyo tumani Ekologiya inspeksiyasi yoki tuman Ichki ishlar bo‘limi mas’ullariga xabar berilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo tumani hududida yo‘lbars yovvoyi hayvoni yurgani haqida ham videolar tarqalgandi, lekin viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ushbu xabarlar yolg‘on ekanini, Sariosiyo tumanida deb aytilayotgan videotasvirlar aslida Rossiya Federatsiyasining Kemerova shahri yaqinida olinganini ma’lum qilgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hududida, shu jumladan, Surxondaryo viloyatida hozirgi kunda  yo‘lbars hayvoni mavjud emas. Sariosiyo tog‘larida joylashgan “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida jayra, qo‘ng‘ir ayiq, qor qoploni, olako‘zan, O‘rta Osiyo qunduzi, olmaxon, Sibir tog‘ echkisi, tipratikan, Turkiston silovsini, bo‘ri, tulki, bo‘rsiq, qizil sug‘ur, tog‘ suvsari, quyon, yovvoyi cho‘chqa kabi yovvoyi hayvonlar bor.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121416 | Инструменты