Huawei 1
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari: Toshkentdagi maktablarning birida 17 ta, yana birida esa 54 ta jinoyat sodir etilgan

Toshkent shahridagi mavjud 325 ta umumta’lim maktablarining birida 17 ta, yana birida esa 54 ta jinoyat sodir etilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Milliy gvardiyaning shahar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Bolalar ta’lim va tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz” deb nomlangan tadbirida gapirib berdi.

Bitta maktabda 17 ta jinoyat sodir etilgan. O‘n oy davomida (2024-yilning o‘tgan 10 oyi) 17 ta jinoyat sodir etilgan. Shu fursatda 54 ta jinoyat sodir etilgan maktabimiz ham bor. Nima qilish kerak endi bu maktablarni? Maktab direktorlarini ishdan bo‘shataversak, bu muammo hal bo‘lib qoladimi? Toshkent shahridagi 325 ta maktab direktorini ishdan bo‘shatib, yangi qo‘ysak shu yechim bo‘la oladimi? Shu maktablarda jinoyat sodir bo‘lmay qoladimi? Bu savol ham bor-ku, deydi mazkur tadbirda so‘z olgan Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimova. 

Mazkur tadbirga mezbonlik qilgan Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati xodimi Gulchehra Xursandovaning ma’lumot berishicha, Alisher Navoiy kinosaroyida tashkil etilgan tadbirda Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari, maktab rahbarlari, “mahalla yettiligi” hamda boshqa mas’ul idoralar mas’ullari ishtirok etgan. 

Hamkor tashkilotlar mas’ullari ishtirokida oila-mahalla-maktab zanjiri doirasida “Bolalar ta’lim va tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda maktab o‘quvchilari bilan tizimli ishlashni tashkil etish hamda hamkorlikdagi ishlar sifatini yaxshilash bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuvda voyaga yetmagan yoshlarda vatanga muhabbat hissini shakllantirish, ular o‘rtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, ularni axloqiy-ruhiy, psixologik qo‘llab quvvatlash masalalari muhokama etildi, deydi boshqarma axborot xizmati xodimi Gulchehra Xursandova. 

Mas’ulning qo‘shimcha qilishicha, 2024-yilning 26-aprel kuni taxminan soat 12:00 da Mirobod tumanidagi 94-maktabning 11-sinfida tahsil oluvchi M.A. sinfdoshi A.D. bilan birga ushbu maktabning 9-sinfida o‘quvchi A.B. bilan hech bir sababsiz janjallashib, unga nisbatan og‘ir tan jarohati yetkazgan. 

Shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimovaning OAV vakiliga ma’lumot berishicha, ayni kunda Toshkent shaharidagi umumta’lim maktablarida 15 ming nafar sinf rahbar bor. Ular farzandlari shu maktablarda tahsil oluvchi 800 ming nafar ota-ona bilan hamkorlimkda ishlashi va shu orqali natijaga erishishi kerak bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112918 | Инструменты