Toshkent shahar perinatal markazi xodimlarining murojaatlari o'rganildi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar perinatal markazining bir guruh xodimlarining videomurojaati tarqaldi. Unda aytilishicha, mazkur tug'ruq majmuasi “COVID-19” bilan kasallangan homilador ayollarni qabul qilish uchun moslashtirilgandan so'ng ayrim xodimlar orasida tushunmovchilik kelib chiqqan.
Bugun Sog'liqni saqlash vazirligi mutaxassislari vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar perinatal markazida bo'lishdi. Xodimlar bilan muloqot davomida ma'lum bo'lishicha, mavjud vaziyat haqida yetarlicha tushuntirishlar berilmagani natijasida ular orasida qator savollar paydo bo'lgan.
Aslida murojaatda aytilganidek, xodimlar ishsiz va oyliksiz qoldirilmagan. Koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolash uchun moslashtirilgan 200 nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega ushbu shifoxonada hozirda 27 nafar homilador koronavirusdan davolanmoqda. Shuning uchun markaz xodimlarining bir guruhi 14 kunlik navbatchilikda bo'lib, qolgan xodimlar esa yaxlit grafik asosida keyingi 14 kunlik navbatchilik uchun safarbar qilinadi. Ammo ayni paytda navbatchilikda bo'lmagan xodimlarga ham belgilangan tartibda oylik maoshlari to'lab beriladi. Bugun ular bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda xodimlarning mehnat qonunchiligiga asoslangan ana shunday huquqlari haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yuqorida tilga olingan murojaatda homilador ayollarni qabul qiluvchi shifoxonalar yetishmayotgani haqidagi fikrlarga javoban quyidagilarni ma'lum qilamiz. Toshkent shahrida 12 ta tug'ruq muassasasi mavjud bo'lib, ayni vaqtda shahar 3- va 7-son tug'ruq komplekslari va Toshkent shahar perinatal markazi koronavirusga chalingan homiladorlarni qabul qilmoqda. Ushbu tug'ruq komplekslariga biriktirilgan homilador va tug'uvchi ayollar esa poytaxtimizdagi qolgan 9 ta tug'ruq kompleksiga va Respublika perinatal markaziga dislokatsiya asosida taqsimlangan.
Murojaatchilar bilan o'tkazilgan muloqot yakunida ularga koronavirusga chalingan homilador ayollar bilan ishlash bo'yicha uch kunlik o'quv mashg'ulotlari o'tkazishga kelishib olindi. Buning natijasida tibbiyot xodimlari keyingi 14 kunlik navbatda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun tayyorgarlik o'taydilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121501 | Инструменты