Huawei 1
Toshkentda poyga vaqtida piyodani urib yuborgan haydovchining jazosi yengillashtirilib, qo‘yib yuborildi

Bahorda Toshkentning Sergeli tumanida piyodani urib yuborgan Kia Stinger haydovchisi ozod qilindi

9-may kuni soat 17:00 atrofida Avtotuning.uz avtoservis markazi hududida (aeroport yaqinida) 24 yoshli haydovchi A.K. avtotuning_uz Instagram sahifasi asoschisi 27 yoshli D.K.ni urib yuborgandi, u olgan jarohatlari tufayli shifoxonaga olib ketilayotganda halok bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan videoda ikkita mashina haydovchilari poyga o‘ynagani va ulardan biri yo‘lga chiqib ketgan erkakni urib yuborgani ko‘ringan.

Voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan — odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish (muayyan huquqlardan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi).

14-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi Avtotuning.uz avtoservisi xodimi bo‘lib ishlayotgan Kia haydovchisini 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

Sud qarorida qayd etilishicha, haydovchi bir qator yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda 60−70 km/soat tezlikda piyodani urib yuborgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhum qo‘shma jarohat, bosh miya ochiq jarohati, kalla gumbazi va asosi suyaklarining bo‘laklanib sinishlari, bosh miya lat yeyishi, bosh miya to‘qimasi va pardalari ostiga qon quyilishlari, ko‘krak qafasi va qorin yopiq sinishlari, o‘pkalar lat yeb yorilishlari, ingichka ichak tutqichi lat yeb yorilishi, o‘ng boldir suyaklari o‘rta-pastki uchligidan ochiq sinishlari, chap boldir suyaklari pastki uchligidan yopiq sinishlari, bosh, ko‘krak qafasi orqa yuzasi, o‘ng kaft va o‘ng boldir sohalari ezilib-yirtilgan yaralari, bosh, yuz, tana, qo‘l va oyoq sohalari ko‘plab teri shilinmalari kabi jarohatlar olgan.

Ayblanuvchining advokati apellyatsiya shikoyati berdi. Unda u birinchi instansiya sudi tomonidan jabrlanuvchi qonuniy vakilining daʼvosi yo‘qligi, shuningdek, ayblanuvchining aybiga iqror va qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, oilada yagona boquvchi ekani inobatga olinmaganini taʼkidlagan.

Toshkent shahri prokuraturasi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari M.Komilov suddan shikoyatni qanoatlantirmaslikni so‘radi.

Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi sudyasi Muzaffar Ahmedov raisligidagi sudlov hayʼatining 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qamoqda saqlangan 4 oy 2 kun jazodan chegirilib, o‘tash uchun qolgan 2 yil 7 oy 28 kunlik ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblandi va 2 yil sinov muddati belgilandi.

Sudlanuvchi nazorat organining ruxsatisiz O‘zbekiston hududidan chiqishi taqiqlanadi va yashash yoki o‘qish joyi o‘zgargani to‘g‘risida xabardor qilishi, shuningdek, ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tishi shart.

Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan ozod etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92714 | Инструменты