Huawei 1
Konya-2021. Og'ir atletikachilarimiz 24 ta medal qo'lga kiritib, Islom birdamligi o‘yinlarida birinchi o‘rinni egalladi

Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tayotgan V Islom birdamligi o‘yinlari O'zbekiston delegatsiyasi uchun ancha muvaffaqiyatli o'tmoqda. Joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tishi lozim bo‘lgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining bir yilga kechiktirilishi V Islom birdamligi o‘yinlarini yilning eng muhim startiga aylantirdi va barcha sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimiz unga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishdi. Buni musobaqada qayd etilayotgan natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Deyarli barcha sport turlarida vakillarimiz medallarga sazovor bo‘lishmoqda.

Shu kungacha yakuniga yetgan musobaqalarning aksariyatida (hozircha sportning o‘yin turlari bundan mustasno) vakillarimiz hech bo‘lmaganda bitta medal qo‘lga kiritishmoqda. Bu borada so‘z ketganida, mamlakatimiz sport delegatsiyasi g‘aznasiga salmoqli ulush qo‘shgan sport kurashlari, yengil atletika, taekvondo WT, velosport (trek va shosse yo‘nalishlarida), dzyudo (hali bellashuvlar davom etyapti), badiiy gimnastika, para suzish singari turlarni misol keltirish mumkin.

Biroq, ular orasida og‘ir atletika sport turini alohida e’tirof etishimiz joiz. Ular musobaqa davomida to‘liq tarkibda (8 nafar erkak va uch nafar ayol) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olishdi. Eng hayratlanarlisi, atletlarimiz delegatsiyamiz jamg‘armasiga naqd 15 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza, jami 24 ta medal qo‘shib qo‘yishdi. Ushbu natijasi evaziga og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Islom birdamligi o‘yinlarida ushbu sportda o‘z o‘rniga ega Turkiya, Eron, Indoneziya kabi jamoalarni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi.

Aynan og‘ir atletika sportida qo‘lga kiritilgan medallar bizni umumjamoa hisobida nafaqat Osiyo, balki jahonda ham o‘z o‘rniga ega davlat Eron terma jamoasini quvib o‘tib, 2-o'ringa ko'tarilishimizda muhim omil bo‘ldi. Bundan ham quvonarli jihati, aksariyat sportchilarimiz Islom birdamligi o‘yinlari hamda shaxsiy rekordlarini yangilashdi.

E’tirofga molik yana bir jihat, o‘zbek og‘ir atletikasida munosib izdoshlarning yetishib chiqayotganligidir. Aslida, hozirgi tarkibda ham yoshi o‘tib qolgan sportchilar yo‘q. Hatto terma jamoa faxriysi sanalgan Ruslan Nuriddinov ham 30 yoshda. Hozircha, u hali Parij Olimpiadasida ham ishtirok eta olishi ta'kidlanmoqda.

Ammo u va jamoadagi boshqa katta yoshli sportchilarga munosib izdoshlar sifatida ushbu o‘yinlarda o‘zlarini namoyon etgan Sarvarbek Zafarjonov, Muhammadqodir Toshtemirov, Sharofiddin Amriddinov, qizlarimizdan Nigora Suvonova, rekordchi sportchimiz Tursunoy Jabborova (Rigina Adashbayeva garchi og‘ir atletika sportida yangi nom bo‘lsa-da, u katta sportda anchadan beri faoliyat olib boradi) kabi umidli yoshlarimiz yaqin kelajakda o‘zbek og‘ir atletikasining munosib davomchilari bo'lishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga