Yerevan o‘zaro kelishuv asosida Bakuga qarshi xalqaro da’volardan voz kechishga tayyor. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan davlat televideniyesiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Agar biz haqiqiy tinchlikka erishsak va tinchlik shartnomasini imzolasak, menimcha, bunday kelishuvga erishish mumkin. Bu shuni anglatadiki, ular ham, biz ham ilgari sodir bo‘lgan voqealar to‘g‘risida da’vo qilmasligimiz va bu da’volardan o‘zaro voz kechishimiz kerak”, dedi u.
Shuningdek, Pashinyan kelajakda da’volar uchun hech qanday sabab qolmasligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda Armaniston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro sudiga murojaat qilib, Ozarbayjonni arman millatiga nisbatan irqiy kamsitishda ayblagan. Shu yilning o‘zida Ozarbayjon ham Armanistonni mintaqadagi ozarbayjon millatiga nisbatan kamsituvchi harakatlarda ayblab, qarshi da’vo bilan chiqqan.
2022 yildan boshlab Yerevan va Baku tomonlari o‘zaro tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu kelishuv uzoq yillar davom etgan mojarolar va tarang munosabatlarga barham berish maqsadini ko‘zlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112321 | Инструменты