Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlum qilishicha, 2024 yilda halok bo‘lgan gumanitar xodimlar soni avvalgi barcha raqamlardan oshib ketgan. Joriy yil butun dunyo bo‘ylab gumanitar xodimlar uchun eng halokatli yil bo‘ldi. Bu haqda BMT manbalariga tayanib “Report” xabar bermoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) maʼlumotlariga ko‘ra, 281 kishining o‘limining asosiy sababi Yaqin Sharqdagi ziddiyatning kuchayishi bilan bog‘liq. 2023-yilda halok bo‘lgan gumanitar xodimlar soni 280 nafarni tashkil qilgandi.
“2024-yil dunyodagi eng qiyin sharoitlarda ishlaydigan gumanitar xodimlar uchun eng fojiali yil bo‘ldi”, dedi OCHA vakili Yens Lerke Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda.
Bundan tashqari, Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Janubiy Sudan, Sudan, Ukraina, Yaman va boshqa mamlakatlarda zo‘ravonlik hamda tahdidlarning yuqori darajasi qayd etilgan.
OCHA maʼlumotlariga ko‘ra, jami halok bo‘lganlarning 268 nafari mahalliy va 13 nafari xalqaro tashkilot xodimlaridir. Yens Lerke bu raqamlar “xalqaro jamiyatni qayg‘uga solayotganini” taʼkidlab, gumanitar xodimlar “insoniyat uchun fidoyilik bilan xizmat qilayotgani, ammo ular rekord darajada o‘ldirilayotganini” aytdi.
2023-yil 7-oktabrda Isroil va HAMAS o‘rtasida mojaro boshlanganidan beri Yaqin Sharqda 333 nafar gumanitar xodimi halok bo‘ldi. G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 13 oylik janglarda 44 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, ular orasida ayollar va bolalar katta qismni tashkil etadi.
BMT yordam xodimlari uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirib, ularning dunyo bo‘ylab mojarolardan jabrlanganlarga yordam berishdagi asosiy rolini taʼkidlamoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112314 | Инструменты