Ispaniya hukumati Ukrainadagi urushning keskinlashuvi fonida o‘z hududida jangovar harakatlar yuz berishi xavfi bo‘lgan holatlarda fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha birinchi milliy rejasini tayyorlamoqda. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligidagi manbalariga tayanib, “20Minutos” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, fuqarolarni urushdan himoya qilish bo‘yicha maxsus reja 15 oktyabr kuni Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlangan besh yillik Fuqarolik himoyasi milliy strategiyasi doirasiga kiradi. Mazkur strategiyaga ilk bor “urush xavfi” atamasi kiritilgan.
Nashr manbasiga ko‘ra, rejaning asosiy maqsadi – xavf yuzaga kelgan taqdirda aholi qanday yo‘l tutishi kerakligini tushunishga yordam beradigan hujjat ishlab chiqish hisoblanadi. Bu hujjat Ispaniyada odatiy favqulodda holatlar (masalan, yong‘inlar, vulqon otilishlari yoki suv toshqinlari) uchun mo‘ljallangan boshqa yo‘riqnomalar asosida ishlab chiqiladi.
Reja tayyorlanishida Shvetsiya, Finlyandiya, Norvegiya va Boltiqbo‘yi davlatlarining tajribasidan foydalaniladi. Bu davlatlarning yo‘riqnomasida fuqarolarga uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlar bilan bir haftaga zaxira yaratish tavsiya etiladi. Shuningdek, ularda favqulodda holatlarda xotirjamlikni saqlash, bolalar bilan bu mavzuda suhbatlashish, qon oqishini to‘xtatish hamda uy hayvonlariga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha tavsiyalar mavjud.
“Xavfsizlik siyosati sohasidagi vaziyat jiddiy, shuning uchun biz turli inqirozlar, shu jumladan urushga qarshi turishga tayyorgarligimizni oshirishimiz kerak”, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112322 | Инструменты