Moskvaning Basmanniy tuman sudi “Krokus Siti Holl” konsert zalida terakt sodir etishda ayblangan to‘rt nafar shaxsni hibsda saqlash muddatini uzaytirdi. Bu haqda Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Sud tergov organlarining iltimosnomasini qanoatlantirgan va Murodali Rachabalizod, Muhammadsobir Fayzov, Fariduni Shamsiddin, Dalerjon Mirzoyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 3 oyga, jami 10 oy 28 sutkaga uzaytirgan.
Sudlanuvchilarning to‘rt nafari ham 2025 yilning 22 fevraliga qadar hibsda bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum joriy yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘ldi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112315 | Инструменты