Meksika huquq-tartibot organlari 9 iyun kuni 42 tonna metamfetamindan iborat yukni to‘xtatib qoldi.
Qayd etilishicha, bu mamlakatda musodara qilingan narkotik moddalarning eng yirik partiyasi hisoblanadi. Keng ko‘lamli operatsiya huquq-tartibot organlari xodimlari Michoakan shtatida beshta yerosti laboratoriyasini topganidan keyin boshlangan.
Ekspertlar qo‘lga kiritilgan partiyani 1,06 milliard pesoga (55,7 million dollar) baholamoqda. Shuningdek, umumiy hajmi 8,8 ming litrga teng bochkalar ham musodara qilingan — ularda narkotik moddalarni ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan kimyoviy tarkibiy qismlar saqlangan.
Operatsiya AQSh va prezident Donald Tramp tomonidan Meksikada narkobiznesga qarshi kurashni kuchaytirish bosimi ostida o‘tkazildi. Tramp bojlar oshishi sabablaridan biri sifatida Meksika rasmiylarining giyohvand moddalar ishlab chiqarish va AQShga olib o‘tilishiga qarshi yetarlicha kurashmayotganini ko‘rsatgan. Meksika hukumati bunday ayblovlarga qo‘shilmagan.
AQSh giyohvand moddalarga qarshi kurashish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Meksikadagi jinoiy guruhlar metamfetaminni Qo‘shma Shtatlarda asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi. Ular esa o‘z navbatida Xitoydan olib kelinayotgan kimyoviy vositalardan foydalanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62023 | Инструменты