Livanda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv buzilsa, Isroil keng ko‘lamli urushga tayyor bo‘ladi. Bu haqda yahudiy davlati bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qildi.
“Biz (kelishuv) buzilganda shiddatli urushga tayyorgarlik ko‘ramiz”, dedi u.
Netanyaxu kelishuv Isroil tomoni “xohlagan narsaga erishgani” uchun imzolanganini aytdi. 28-noyabr kuni Livan yahudiy davlatini “Hizbulloh” bilan erishilgan kelishuvni buzishda aybladi. Jumladan, Isroil “har xil turdagi qurollardan foydalangan holda” zarbalar bergani aytilmoqda.
Isroil armiyasi “Hizbulloh”ning “shubhali faolligi” tufayli Livan janubiga havo hujumlari uyushtirilgani ma’lum qildi. Keyinroq yahudiy armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Gersi Xalevi sulhning har qanday buzilishiga olov bilan javob berilishini ta’kidladi.
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi sulh
Isroil Vazirlar Mahkamasi 26-noyabr kuni Livanda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni ma’qulladi. Otashkesim 27-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 4:00 dan (Toshkent vaqti bilan soat 7:00 dan) kuchga kirgan.
Ungacha tomonlar o‘zaro hujumlarni amalga oshirgan. AQSH prezidenti Jo Bayden o‘t ochishni to‘xtatishga Vashington tashabbusi bilan erishilganini aytdi. “Hizbulloh” 60 kun ichida Livandagi harbiylarini olib chiqib ketishi kerak. Binyamin Netanyaxuga ko‘ra, sulhning davomiyligi “Hizbulloh” harakatlariga bog‘liq bo‘ladi.
“Hizbulloh” BMT Xavfsizlik kengashining 1701-rezolyutsiyasiga muvofiq Livanning janubidagi ishtirokini to‘xtatib, Litani daryosining shimolidan chekinishi kerak. BMT muvaqqat kuchlari ko‘magida Livan armiyasining janubiy chegara bo‘ylab uchastkalarni bosqichma-bosqich nazorat qilishni nazarda tutadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112918 | Инструменты