Qirg‘izistonda toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mirni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy qilinmoqda. Bu haqda QR Vazirlar Mahkamasining 21-noyabrdagi qarorida aytiladi.
Avtomobil transportiga qo‘yilgan cheklovlar qaror e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun o‘tgach kuchga kiradi. Taqiq olti oyga belgilangan.
Xitoy bilan chegaradagi “Irkeshtam-avtoyo‘l” va “Torugart-avtoyo‘l” avtomobil nazorat punktlari bundan mustasno.
Taqiq ko‘mir eksportini davom ettirishi mumkin bo‘lgan “Qirg‘izko‘mur” davlat korxonasiga ham taalluqli emas.
QR Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston YOII a’zosi bo‘lmasa ham (faqat kuzatuvchi), mamlakat Qirg‘iziston ko‘mirining asosiy xaridori bo‘lib qoladi. Qirg‘iziston toshko‘miri eksportining 85 foizi, qo‘ng‘ir ko‘mirning 95,7 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Qirg‘iziston ko‘mir mahsulotlarining boshqa yirik xaridorlari Xitoy, Litva va Belgiya hisoblanadi.
Yanvar-sentabr oylarida Qirg‘iziston korxonalari tomonidan O‘zbekiston bozoriga 29,97 million dollarga 678,2 ming tonna ko‘mir eksport qilingan. Bu 2023-yilning to‘qqiz oyiga nisbatan 11,3 foizga kam (764,4 ming tonna, 23,98 million dollar). Shu bilan birga, ushbu davrda narx 32,6 foizga oshgan — bir tonna uchun 33,3 dan 44,2 dollargacha.
To‘qqiz oy davomida Qirg‘iziston O‘zbekistonga 24,82 million dollarga 365,2 ming tonna lignit (qo‘ng‘ir ko‘mir) ham yetkazib bergan. Bu o‘tgan yilning shu davriga (23,4 million dollarga 702,4 ming tonna) nisbatan qariyb ikki baravar kam. Narx ikki baravar oshgan — bir tonna uchun 33,3 dan 67,9 dollargacha.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112318 | Инструменты