Huawei 1
Ruminiyada prezidentlik saylovlaridagi ovozlar qayta sanaladi

Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi Markaziy saylov komissiyasiga o‘ta o‘ng rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku eng ko‘p ovoz olgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalarini qayta hisoblash majburiyatini yukladi. Bu haqda 28 noyabr, payshanba kuni Ruminiyaning Digi24 telekanali xabar berdi. Kanal suhbatdoshlari ta’kidlaganidek, bunday chora firibgarlik gumonini bartaraf etish uchun zarur. Shunday qilib, ovoz berishning birinchi bosqichi natijalarini rasman tasdiqlash keyinga qoldirildi.

Prezidentlikka ikki nomzod birinchi tur natijalarini bekor etishni talab qilmoqda

Shu bilan birga, sudga prezidentlikka ikki nomzoddan birinchi tur natijalarini bekor qilish to‘g‘risida arizalar kelib tushdi. Sud Kristian Terxeshning apellyatsiya arizasini qonunda belgilangan muddatdan keyin berilganligi sababli rad etdi. Sebastyan Popesku topshirgan ikkinchi arizani ko‘rib chiqish 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Popesku Jorjyeskuni saylovoldi tashviqotini moliyalashtirish manbalarini yashirganlikda va shu tariqa o‘zini «shaffof mustaqil nomzod» sifatida ko‘rsatib, saylovchilarni chalg‘itayotganlikda aybladi. Bundan tashqari, Popesku so‘zlariga ko‘ra, Jorjyeskuning TikTok platformasidagi saylovoldi videolarining «viruslilik» ko‘lamiga faqat blogerlar va reklamalar yordami bilan erishib bo‘lmaydi. «Gap ofisi Xitoyda joylashgan TikTok'ning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlovi haqida ketyapti», dedi Popesku.

Ruminiyadagi saylovlar birinchi turida o‘ta o‘ng siyosatchi g‘alaba qozondi

Mamlakat Markaziy saylov komissiyasining 25 noyabr kuni e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ta o‘ng va rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku Ruminiyada prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Saylov byulletenlarining 100 foizi sanab bo‘lingandan so‘ng, ruminiyalik saylovchilarning 22,94 foizi Jorjyesku uchun ovoz bergani ma’lum bo‘ldi.

«Ruminiyani qutqarish ittifoqi»dan nomzod Yelena Laskoni 19,18 foiz natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rinni 19,15 foiz ovoz bilan mamlakatning amaldagi bosh vaziri, sotsial-demokrat Marchel Cholaku egalladi, u ekzitpollarga ko‘ra g‘alaba qozonishi bashorat qilingan edi. Millatchi Jorjye Simion 13,87 foiz ovoz bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Saylovda mag‘lubiyatga uchragan Cholaku Ruminiya Sotsial-demokratik partiyasi rahbari lavozimini tark etdi.

Ruminiyada davlat rahbari tashqi va xavfsizlik siyosatini belgilaydi, qurolli kuchlarning oliy qo‘mondoni hisoblanadi va razvedka xizmatlarini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi. Mamlakatda parlament saylovlari 1 dekabrga belgilangan.

Saylovda jami 13 nafar nomzod ishtirok etdi. Ikkinchi tur 8 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112916 | Инструменты