Huawei 2
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbat qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud ayyomi bilan dildan muborakbod etib, Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.

Oʻzbekiston-Rossiya strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgani, eng avvalo, oʻzaro tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani, iqtisodiyot tarmoqlarida qoʻshma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma quvvatlarni tez fursatda ishga tushirish muhim ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, bugun davlat rahbari Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan ham telefon orqali muloqot qildi.

Federatsiya Kengashi Raisi davlatimiz rahbarini tugʻilgan kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining farovonligi va ravnaqi yoʻlidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilayotgan faol parlamentlararo almashinuvlar yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Parlamentlararo ittifoq va MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi yaqin va konstruktiv muloqotni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

Yetakchilar mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afgʻoniston boʻyicha yuzaga kelayotgan vaziyat xususida fikr almashdi.

 Eslatib o'tamiz, avvalroq, prezident Markaziy Osiyo rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qilgan edi.

 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga