Huawei 1
Suriyaning vaqtincha bosh vaziri barqarorlik va osoyishtalikka chaqirdi

Isyonchilarning Idlib viloyatidagi ma’muriyatining sobiq rahbari al-Bashir «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hs) guruhi va uning ittifoqchilari unga mamlakatni 2025 yil martiga qadar boshqarish vazifasini topshirganidan keyin Qatarning Al Jazeera telekanaliga intervyu berdi.

Seshanba kuni u Damashqda yangi o‘tish davri hukumati a’zolari hamda Asad davridagi sobiq hukumat vakillarini yig‘di, unda hukumatni topshirish masalasi muhokama qilingan.

«Bugun vazirlar kabineti yig‘ilishini o‘tkazdik va biz Suriya xalqiga xizmat qila oladigan konstitutsiyaviy tizimga ega bo‘lgunimizga qadar keyingi ikki oy mobaynidagi ishni osonlashtirish uchun eski hukumat a’zolarini hamda Idlib va uning atrofidagi hududlar ma’muriyatining ayrim rahbarlarini taklif qildik», — degan al-Bashir Al Jazeera bilan suhbatda.

«Biz Suriya xalqiga xizmat qila olishi uchun muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida boshqa uchrashuvlar ham o‘tkazdik», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Bunga qadar Muhammad al-Bashirni Suriyaning isyonchilar nazoratida bo‘lib kelgan shimoli-g‘arbdagi hududlardan tashqarida ko‘pchilik tanimasdi. Uning rezyumesiga ko‘ra, u muhandis-elektrik sifatida ta’lim olgan va fuqarolik urushi boshlanguniga qadar gazni qayta ishlash zavodlarida ishlagan.

Yanvar oyida Bashir isyonchilar mamlakat shimoli-g‘arbidagi hududlarni boshqarish uchun tashkil etgan Suriyani qutqarish hukumati (SG) bosh vaziri etib tayinlangandi.

Bu tuzilma amalda o‘z vazirliklari, departamentlari, sud va xavfsizlik organlari, shuningdek, diniy kengashiga ega bo‘lgan kichik muqobil davlat edi. SG to‘rt mln atrofida odam yashagan hududni nazorat qilardi, bu odamlarning aksari mamlakatning boshqa hududlaridan kelib o‘rnashgandi.

«Bu to‘g‘ri, Idlib — katta hudud emas, resurs yetishmovchiligi mavjud, ammo ular [SG mulozimlari] barchasini noldan boshlab, juda katta tajribaga ega bo‘lishgan», — degan Hs yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniy dushanba kuni Damashqdagi uchrashuvda endilikda sobiq bosh vazir Muhammad al-Jaloliyga.

Damashqda seshanba kuni do‘kon va banklar ochildi, transport harakati tiklandi, farroshlar ko‘chalarni yuvish uchun chiqishdi, qurollangan kishilar esa kamayib qoldi, deya vaziyatni tasvirlaydi Reuters.

BBC muxbiri Lina Sinjab Suriya poytaxtidan xabar qilishicha, hozirga kelib odamlar o‘zining kundalik hayot tarziga qaytgan: «Do‘konlar ochilgan va biz davlat xizmatchilari ishga qaytayotganiga guvoh bo‘ldik». Sotuvchilardan biri shunday yeydi: «Endi havoda kislorod bor».

BBC muxbirining so‘zlariga ko‘ra, suriyaliklar Isroilning Asad rejimi qulashi bilan boshlangan aviazarbalaridan norozi.

Bu vaqtda Asadni ag‘dargan isyonchilar mamlakat sharqidagi Dayr-az-Zor shahrini ham o‘z nazoratiga olishdi. Chorshanba kuni holatiga bu yerni kurd kuchlari tark etishgan. Bu neftga boy hudud bo‘lib, shu tufayli yangi hukumat uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Hs yetakchisi, omma qarshisidagi chiqishlarida haqiqiy ismi sharifi Ahmad al-Shar’adan foydalanishga o‘tgan al-Jo‘laniy avvalroq suriyaliklar qiynoqqa solinishiga aloqador bo‘lgan va harbiy jinoyatlar sodir etgan yuqori martabali mulozimlarni javobgarlikka tortishga va’da bergandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121200 | Инструменты