Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Germaniyadagi mamlakat elchisi va Bonnda joylashgan bosh konsulini chaqirib oldi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Tolibon” va Afg‘oniston vakillari o‘rtasida Bonn va Berlindagi diplomatlarga nisbatan nizolar yuzaga kelgan. Afg‘onistonning Germaniyadagi elchisi Yama Yari va bosh konsul Said Lutfulla Sadat 2021 yilgi “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga olganidan avval o‘z lavozimiga tayinlangan edi.
Qobulning Germaniya diplomatlariga yuborgan bayonotida Berlindagi va Bonndagi afg‘on diplomatlari qonuniy ravishda “Tolibon” bilan kelishilmasdan ba’zi qarorlarni qabul qilgani aytilgan. Biroq “Tolibon”ning Myunxenda joylashgan Afg‘oniston bosh konsuliga nisbatan hech qanday e’tirozlari yo‘q.
Nashrga ko‘ra, Qobul “Tolibon”ning hukumatga kelishidan oldin tayinlangan diplomatlar bilan ish olib borishda muammolarga duch kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Germaniya “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmagan va ularning rejimini ochiq tanqid qilgan bo‘lsa-da, mamlakat diplomatik munosabatlarni uzmagan. Afg‘onistonning diplomatik vakillarini qabul qilish xalqaro huquq nuqtai nazaridan Germaniya uchun majburiyatdir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112320 | Инструменты