Huawei 1
Ukraina o‘zining ballistik qurollarini yaratishga kirishdi – WSJ

Ukraina hozirda o‘zining bir nechta ballistik raketalarini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Ukraina Strategik sanoat tarmoqlari vazirining o‘rinbosari Anna Gvozdyarga tayanib, “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda Ukraina o‘z dushmanining chuqur ichki hududlariga zarba bera oladigan qurollarni yaratish ustida ishlamoqda. Joriy yilning avgust oyida dastlabki sinovlar o‘tkazilgan. Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarovga ko‘ra, ushbu dastur yaqin kelajakda katta yutuqlarga erishadi. 

Nashrga ko‘ra, ekspertlar ballistik raketalar ishlab chiqarish qimmatga tushishini, materiallar yuqori haroratga bardoshli bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, ishlab chiqarish uchun zarur komponentlar yetkazib berishda qiyinchiliklar mavjudligi, jumladan, Rossiya hujumlari va ishchi kuchi yetishmovchiligi ushbu jarayonni qiyinlashtirayotgani qayd etilgan. Aytish joiz, Ukrainada ishlab chiqarilgan raketalar, jumladan, “Neptun”ning keng ko‘lamda qo‘llanilmasligining asosiy sababi yetarli moliyalashtirishning yo‘qligidir.

Shu bilan birga AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi dronlarni rivojlantirishni tavsiya qilib, buni iqtisodiy jihatdan samaraliroq strategiya deb atagan. AQSH tomonidan yaqinda ajratilgan 2,4 milliard dollarlik yordam paketiga dronlar va shu kabi qurollar uchun mablag‘ kiritilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112320 | Инструменты