Bugun, 11 dekabr kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Bosh vazir X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
“Bu Rossiya-Ukraina urushining eng xavfli haftalari. Biz o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha mumkin bo‘lgan diplomatik choralarni ko‘ryapmiz”, deya yozgan Orban ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
O‘z navbatida, Kreml matbuot xizmati Vengriya tomonining tashabbusi bilan Vladimir Putin va Orban o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan.
Bir soat davom etgan suhbatning asosiy mavzusi Ukraina masalalari bo‘yicha fikr almashishdan iborat bo‘lgan. Viktor Orban inqirozni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini birgalikda izlashga ko‘maklashishdan manfaatdorligini bildirgan.
O‘z navbatida, Vladimir Putin Ukraina atrofidagi vaziyatning hozirgi holati va Kiyev rejimining mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasini istisno etayotgan buzg‘unchi chizig‘iga fundamental baho bergan.
Qayd etilishicha, suhbat davomida Suriyadagi so‘nggi voqealar kontekstida Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat ham muhokama qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121200 | Инструменты