Huawei 1
Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb qayta baholanadi

Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb qayta baholanadi. Bu haqida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining kecha o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida qaror qabul qilindi.

Joriy yil boshida viloyat hokimi tashabbusi bilan Samarqandning tarixi, madaniyati, meʼmoriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish maqsadida hokimlik huzurida jamoatchilik kengashi tashkil qilingan edi. Taniqli tarixchi va arxeolog olimlar, ziyolilardan iborat kengash aʼzolari bir necha yo‘nalishlarda tadqiqot ishlarini olib borishga kirishdi.

Samarqand shahrining yoshiga aniqlik kiritishga masʼul guruh Afrosiyob va Ko‘ktepa yodgorliklarida, hozirgi Ko‘ksaroy maydoni o‘rnida bo‘lgan Amir Temur arkida fanlararo tadqiqot usullarini qo‘llash orqali kompleks qazuv ishlarini amalga oshirdi.

– Samarqandning qadimiy o‘rni va yoshini o‘rganish 150 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib, shahar dastlab bundan 1500 yil oldin, keyinchalik 2000 ming yil, 1970 yilda 2500 yil oldin shakllanganligi borasida xulosalarga kelingan edi – dedi sessiyada so‘zga chiqqan Camarqand Arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. – 2000 yillarda esa O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi yangi maʼlumotlarni aniqladi va Samarqand yoshi 2750 yil deb tasdiqladi. Lekin bu ham yakuniy xulosa emas va shuning uchun shaharning xronologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar keyingi yillarda ham davom etib kelmoqda. Xususan, joriy yildagi qazishma maʼlumotlari Samarqand shahridan 25 kilometr uzoqlikdagi Ko‘ktepa yodgorligida 1993-2006 yillarda olib borilgan qazishma ishlarining tahlili asosida mutaxassislar tomonidan yangi qarashlar shakllanishiga turtki berdi. 

O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi aʼzolari M. Isomiddinov, Klod Rapen hamda M. Hasanov tomonidan shu vaqtga qadar Ko‘ktepa va Afrosiyobda topilgan materiallarni qayta tahlil qilish orqali Samarqand shahrining shakllanish davri 3000 yilga teng ekanligi borasida fikr ilgari surilmoqda. Qayd qilinishicha, miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida, yaʼni bundan 3000 ming yil oldin bu yerda shahar hokimi qarorgohi va ibodatxonani o‘z ichiga olgan yirik shahar shakllangan. Bu holat “Avesto”da tilga olingan “Gava Sug‘uda” va “Sug‘ud” tushunchalari bilan uyg‘unlashadi. Unda “Gava Sug‘uda” dehqonchilik hududini, “Sug‘ud” esa maʼmuriy markazni anglatgan. Ushbu markaz aynan Ko‘ktepa bo‘lganligi taʼkidlanadi. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib Sug‘dning markazi hozirgi Afrosiyob tepaligi o‘rniga ko‘chadi. Shu yilning mart oyida Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida jumladan, ark va shahriston qismida, yaʼni mudofaa devori yaqinida keng ko‘lamdagi qazuv ishlari olib borildi. 

Qazishmalar davomida qadimiy mudofaa devori tabiiy less qatlam ustida guvalaksimon shakldagi xom g‘ishtlardan qurilgani aniqlandi. Tadqiqotlar natijasida ushbu devorning g‘arbiy tomonga qarab 22 metrgacha davom etuvchi yangi qismi maʼlum bo‘ldi. Bu esa arkning miloddan avvalgi VII-VI asrlardagi meʼmoriy rejasiga aniqliklar kiritish imkonini berdi. Shuningdek, Ark hududidan miloddan avvalgi VII-VI asrlardan tortib XII asrgacha bo‘lgan davrlarga oid topilmalar chiqdi. Devor asosidan pastda joylashgan qatlamlardan esa sopol parchalari, hayvon suyaklari va organik moddalarni o‘z ichiga olgan arxeologik materiallar aniqlandi. 7 metrdan ziyod chuqurlikda miloddan avvalgi VII-IV asrlarga mansub murakkab mudofaa tizimi ochib o‘rganildi. Ikkita qazishmada aniqlangan arxeobotanik va arxeozoologik topilmalar tahlil uchun Fransiya, Germaniya va Yaponiya laboratoriyalariga jo‘natildi. Hozirgi vaqtda ularning tahlili amalga oshmoqda. Shu paytgacha to‘plangan ilmiy maʼlumotlar tegishli idoralar, jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniy meros agentligi qoshidagi ilmiy kengashga jo‘natilib, ularning ijobiy xulosalari olindi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti va xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha Samarqand shahrining ilk urbanizatsiyasi miloddan avvalgi II minginchi yillik oxiri va I minginchi yillik boshlariga taalluqli ekanligi haqidagi taqdimot materiallarini maʼlumot uchun qabul qilish, Afrosiyob va Ko‘ktepa hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan osori-atiqalar, ilmiy maʼlumotlar va hujjatlarni tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81604 | Инструменты