Davlatimiz rahbarining Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash to'g'risidagi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida uning hayotiga bag'ishlangan bir qancha kitoblar nashr etilmoqda. Xususan, “O'zbekiston” nashriyoti Shuhrat Ergashevning 1917-1983 yillarda yashab o'tgan taniqli yozuvchi va siyosatchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasiga oid “Erk istar ko'ngil” nomli kitobini nashrdan chiqardi. Bu haqda 21-avgust kuni Milliy Matbuot Markazida o'tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.
Ta'kidlanganidek, kitobda Respublikani o'ta murakkab va og'ir yillarda boshqarib, mamlakat taraqqiyoti yo'lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyot va madaniyat rivojiga katta hissa qo'shgan Sharof Rashidovning hayoti qamrab olingan. Xususan, nashrda u bilan bog'liq siyosiy jarayonlar tarixiy faktlar, aniq dalillar asosida keltiriladi. Tarixshunosligimizda ancha muammoli bo'lgan sovetlarga qarshi harakat, “madaniy inqilob”, “turg'unlik”, “pajta ishi” kabi hodisalarga ham yangicha yondashuv kuzatiladi.
Matbuot anjumanida “Erk istar ko'ngil” kitobi nafaqat tarixchi olimlar uchun, balki tarixga qiziquvchi barcha axoli qatlamlari uchun mo'ljallanganligi ta'kidlab o'tildi. Kitob 3000 nusxada chop etilgan bo'lib, hozirda uni rus va xorijiy tillariga tarjima qilish rejalashtirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92107 | Инструменты