Huawei 1
Paxtachilik tarmog‘i uchun mas’ul bo‘lgan yagona tashkilot – “O‘zpaxtasanoat” AJ tashkil etildi

Paxtachilik O‘zbekiston iqtisodiyotining tizim tashkil etuvchi tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda paxta tozalash korxonalarini modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, ishlab chiqarish va paxta xom ashyosini qayta ishlash rentabelligini, shuningdek, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramasdan, paxtachilik tarmog‘ining jadal rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ular qatorida, birinchi navbatda, xom ashyoni qabul qilish, tashish va qayta ishlash, shuningdek, tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilishda hisobga olish va nazorat tizimining mavjud bo‘lmasligiga olib kelgan zamonaviy texnologiyalarning yetarlicha joriy etilmaganligini ko‘rsatib o‘tish maqsadga muvofiq.

Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash bo‘yicha choralarning ko‘rilmaganligi ishlab chiqarish quvvatlarining ancha qismi bekor turishiga va iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.

Paxtachilik tarmog‘i korxonalarini boshqarish tizimini, qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan o‘zaro munosabatlarning uslublarini takomillashtirish talab etilmoqda.

Bugungi kunga qadar mazkur boshqaruv tizimi ortiqcha oraliq bo‘g‘inlarni o‘z ichiga olib, boshqaruv jarayonlarini byurokratlashtirishga shart-sharoit yaratgan va boshqaruv apparatini ta’minlash uchun o‘zini oqlamagan katta xarajatlarga olib kelgan.

Hozirgi vaqtga qadar paxta xom ashyosini qabul qilish va qayta ishlashni tashkil etish (“O‘zpaxtasanoat” AJ), paxta tolasi saqlanishini ta’minlash va uni eksport qilish (“O‘zpaxtaeksport” AJ) hamda paxta yog‘ini ishlab chiqarish (“O‘zpaxtayog‘” AJ) sohalaridagi xo‘jalik boshqaruvi organlari shartli ravishda “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasiga birlashtirilgan edi. Biroq, ishlab chiqarish jarayonining uchta mustaqil bo‘g‘inga ajratilishi ishlab chiqarish samaradorligini pasaytirgan va xarajatlarning ortishiga olib kelgan.

Tarmoq boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, ularni yirik xorijiy bozorlarga yanada olib chiqish zaruratini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Qarorga muvofiq “O‘zpaxtasanoat” va “O‘zpaxtaeksport” aksiyadorlik jamiyatlarini birlashtirish, shuningdek, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasini tugatish asosida paxtachilik tarmog‘i uchun mas’ul bo‘lgan yagona tashkilot – “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. Yog‘-moy tarmog‘ini rivojlantirishning maqbul yo‘llarini belgilab olish maqsadida “O‘zpaxtayog‘” aksiyadorlik jamiyati ushbu tizimdan ajratib chiqarildi.

Yangi tashkil qilingan “O‘zpaxtasanoat” AJga qayta tashkil etilgan kompaniyalarning mol-mulklari, ularning davlat ulushlari, huquq va majburiyatlari bilan birga o‘tkazildi. “O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning miqdori va shtatlar soni optimallashtirildi, shu bilan birga mavjud resurslardan yanada oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar tayyorlanadi.

Qaror bilan paxtachilik tarmog‘ida ishlab chiqarish jarayonlarini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.

Xususan, paxta xom ashyosini qabul qilish, to‘ldirish, saqlash va qayta ishlashning texnik vositalari va uslublari yaxshilanadi. Paxta tozalash korxonalari zamonaviy o‘lchov vositalari, laboratoriya uskunalari, paxta xom ashyosini qabul qilishda inson omilining rolini pasaytiradigan eng yangi axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

Mazkur chora-tadbirlar paxta xom ashyosini qabul qilish, tashish, qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish ustidan samarali hisobot va nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan bo‘lib, qo‘shib yozish va aniq ma’lumotlarni boshqacha tarzda buzib ko‘rsatish holatlarini istisno qiladi.

Masalan, paxta tolasini paxta tozalash korxonasidan terminalga jo‘natishda uni ajratish tizimining mavjud emasligi sifat jihatdan turli xil mahsulotlarning yetkazib berilishiga sabab bo‘ladi, bu esa iste’molchilarning e’tirozlarini keltirib chiqaradi. Shu munosabat bilan, sifatni baholashning instrumental tizimlaridagi sinov natijalari asosida paxta tolasi toyining sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha paxta tolasini ketma-ketlikda raqamlash va ajratish tizimi joriy etiladi. Shu bilan mahsulotni hisobga olishning xalqaro uslublari amalga kiritiladi, paxta sifatini aniqlashga nisbatan subyektiv, asossiz yondashuv istisno qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sifat” paxta tolasini sertifikatlash markazining “O‘zstandart” agentligi tuzilmasiga o‘tkazilganligi boshqa muhim o‘zgarishlardan bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar 1,2 ming nafardan ortiq xodimi bo‘lgan “Sifat” markazi va 1,5 ming nafar xodimga ega “O‘zstandart” agentligi o‘zaro o‘xshash faoliyatni tashkiliy bo‘ysunuvsiz, mustaqil ravishda amalga oshirib kelgan. Standartlashtirish sohasida takroriylikning bartaraf etilishi paxta tolasi, paxta linti va texnik chigit kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish normativlari va talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlaydi.

Paxtachilik tarmog‘ida moliya intizomini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasiga paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Bundan tashqari, Davlat rahbari qarori bilan respublika paxtachilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta’minlash imkonini beradigan boshqa tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori paxtachilik tarmog‘ida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni hal qilish imkonini beradi, ushbu sohadagi korxonalarni boshqarish tizimining samaradorligini tubdan oshiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81604 | Инструменты