Unda davlat yetakchisi koreys biznesining faoliyati uchun qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda amaliy koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanini bildirdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Koreya Respublikasi Bosh vaziri qoʻshma biznes forumning ochilishida ishtirok etdi. Tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, yetakchi moliya institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari oʻz soʻzida Koreya Oʻzbekistonning vaqt sinovidan oʻtgan doʻsti va alohida strategik sherigi ekanini, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik esa Oʻzbekiston–Koreya koʻp qirrali hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan birini tashkil etishini taʼkidladi.
Yetakchi koreys kompaniyalarining Oʻzbekistonda samarali faoliyat yuritib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshayotgani alohida qayd etildi.
Oʻzaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi tomonidan Oʻzbekistonning resurs salohiyati, Koreyaning ilgʻor texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy oʻsish nuqtalarini yaratish taklif etildi.
Prezidentimiz kelgusida iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishning toʻliq zanjirlarini shakllantirish, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt, yarimoʻtkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilish va boshqa yoʻnalishlar koʻrsatib oʻtildi.
Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika va avtomatlashtirish, biotexnologiya va farmatsevtika, gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga taklif etildi.
Sanoat-texnologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning amaliy mexanizmi sifatida Oʻzbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tuzish taklif etildi.
Prezidentimiz mamlakatimizda koreys biznesining faoliyati uchun kelgusida yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda amaliy koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92107 | Инструменты