Alomatlarsiz isitma: U nima sababdan chiqadi?

Isitma — turli kasalliklar belgisi. Ammo tibbiyotda alomatlarsiz tana harorati ko‘tarilishi holatlari ham uchrab turadi. Bunday vaziyatda yanglish tashxis va noto‘g‘ri muolaja bemorning salomatligini xavf ostida qoldirishi mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova xuddi shunday patologiyalardan biri — dori isitmasi haqida maʼlumot berdi.

— Har bir inson organizmi individual xususiyatga ega, — deydi mutaxassis. — Shu sababli bir dori vositasi ikki bemorga ikki xil taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Biri shu malham tufayli kasallikdan xalos bo‘lsa, boshqasi salomatligini xavf ostida qoldirishi hech gap emas.

Dori isitmasi organizmning qabul qilingan maʼlum preparatlarga nisbatan javob reaksiyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bundan asosan o‘zboshimchalik bilan, shifokor tavsiyasisiz turli dori-darmonlarni qo‘llovchilar aziyat chekishi ehtimoli katta.

Bunday sindrom odatda maʼlum bir dorini qabul qila boshlagandan so‘ng 7-10-kunlar oralig‘ida yuzaga keladi. Bemor doimiy yoki vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib turuvchi isitmadan aziyat chekadi.

Oqibatda bora-bora tana harorati 39-40 darajaga yetib, kuchli titroq paydo bo‘ladi. Qon tarkibida eozinofillar (leykotsitlar) soni ortib ketishi kuzatiladi.

Vaqt o‘tishi bilan isitmadan tashqari tanada dorilarga nisbatan yuqori sezuvchanlik alomatlari bo‘lgan eshakemi, purpura, qizil toshmalar paydo bo‘ladi.

Baʼzi hollarda mazkur patologiya yana-da og‘irroq asoratlar — arterit, eksfoliativ dermatit, gemolitik anemiya, qonda trombotsitlar miqdori kamayishi bilan kechadi. Bunday simptomlar toki o‘sha preparatni qo‘llash to‘xtatilgunga qadar davom etadi.

Biroq tibbiy amaliyotda dori isitmasini aniqlash birmuncha murakkab jarayon. Buni barcha shifokorlar ham to‘g‘ri tashxislay olmaydi. Oqibatda noto‘g‘ri buyurilgan muolaja ayrim dorilarga yuqori sezuvchanligi bo‘lgan bemorlar ahvolini yana-da og‘irlashtirib yuborishi xavfi mavjud.

Ko‘pincha dori isitmasiga sulfanilamidlar, antibiotiklar, talvasa (sudorogi) va yallig‘lanishga qarshi preparatlar, zardoblar, yurak-qon tomir hamda markaziy asab tizimiga taʼsir ko‘rsatuvchi dorilar hamda tarkibida yod saqlovchi kontrast moddalar sabab bo‘ladi.

Baʼzi hollarda yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar, aspirin va uning analoglari, qolaversa, turli vitaminlar ham xastalikni qo‘zg‘atish xususiyatiga ega.

Bugungi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida shunday patologiyalarga eng ilg‘or diagnostika vositalari yordamida va yuqori malakali mutaxassislar tomonidan aniq tashxish qo‘yish va samarali davolash imkoniyati yaratilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40202 | Инструменты