Milklar nega qonaydi? Bu — parodontoz...mi?!

Ko‘pchilik tishlarni yuvayotganda ularning qonashiga unchalik eʼtibor bermaydi. Aslida bu holat og‘izdan hid kelishi, tishlar bo‘shab qolishi va tushishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘luvchi parodontoz kasalligidan darak beradi.

Xo‘sh, u qanday kasallik? Unga asosan qaysi yoshdagi insonlar duchor bo‘ladi? Xastalikning oldini olish va davolash mumkinmi?

Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori Abduazim Yuldashev javob berdi.

 — Parodontoz — tish atrofidagi to‘qimalarning surunkali yallig‘lanishi va bundan tish katakchalari yemirilishi oqibatida ularning tushib ketishi bilan kechuvchi kasallik, — deydi mutaxassis. — U ko‘pincha 35 yoshdan keyingi davrda 40-50 foiz kishi chalinadigan milk kasalligi bo‘lib, uni to‘liq davolash texnologiyalari ishlab chiqilgan.

Xastalik parodont tomirlari va nervlari buzilishi yoki kasallanishi natijasida tish atrofidagi to‘qimalarning qon bilan yetarli taʼminlanmasligi oqibatida kelib chiqadi. Ovqat chaynaganda milkka zo‘r kelishi, tishda tosh yig‘ilishi, og‘iz bo‘shlig‘ining talab darajasida parvarish qilmaslik, luqmani noto‘g‘ri tishlash, sunʼiy tishlarni to‘g‘ri o‘rnatmaslik, shuningdek organizmda kechadigan umumiy kasalliklar parodontozga sabab bo‘lishi mumkin.

Kasallik dastlab milkda achishish, qichishish va tomir urishi kabi belgilar bilan boshlanadi. So‘ng tish bo‘yni ochilib qoladi, baʼzan milk yallig‘lanib shishadi, tish cho‘tka bilan yuvilganda yoki qattiqroq ovqat yeyilganda, milk qonaydi. Og‘iz bo‘shlig‘i shishib qizarishi, bora-bora tishlarda tosh, noxush hid paydo bo‘lishiga olib keladi.

Uning rivojlanishiga tish oralig‘ida ovqat qoldiqlari, bakteriyalar, teri hujayralari va milk orasi ochilib qolishi yana-da qulay sharoit yaratadi. Bu qoldiqlarning barchasi so‘lak bilan aralashib, qattiq tosh hosil qiladi.

Parodontozning keyingi bosqichida tishlarni ushlab turgan tayanch suyak asta-sekin yemirilib, davolashga kirishilmasa, uning “umri” qisqaradi. Natijada ovqat chaynash va hazm qilish buziladi. Shu tariqa milk qatlamining surunkali yallig‘lanishini keltirib chiqaradigan bakteriyalar uchun qulay muhit paydo bo‘ladi.

Tish qatlamida yashovchi son-sanoqsiz bakteriyalar organizmga salbiy taʼsir ko‘rsatib, qonni quyultiradi. Bu miokard infarkti, insult, arterial gipertoniya kabi xavfli kasalliklar xavfini oshiradi. Milkning zararlanishi homiladorlikda turli zo‘riqishlarga sabab bo‘lishi aniqlangan.

Kasallikning oldi olinmasa, boshqa bir nomdagi xastalik – gingivitning boshlanishi uchun ayni muddaodir. Milkdan yiring (pioreya) ajraladi, tishlarning ildizi yaqqol ochilib, to‘kilishga tayyor turadi. Ko‘rinishidan sog‘lom boshqa tishlarda ham aynan shu jarayon takrorlanadi.

Tish og‘riqlari shundayki, yillar mobaynida bunga “hozirlik” ko‘riladi. Kasallik zo‘rayib, avj nuqtasiga yetgan pallada bemor shifokorga murojaat qiladi. Vaholanki, bu vaqtda g‘isht qolipdan ko‘chgani bois kasallikni davolash qiyinlashadi.

To‘g‘ri, parodontoz bilan og‘iz bo‘shlig‘i kasallangan bemor uchun samarali dori-darmon turlari ko‘p. Ammo davolashdan ko‘ra, bunga duchor bo‘lmaslik chora-tadbirlarini ko‘rish afzaldir. Jumladan, tish toshlari va bioplyonka qalin bo‘lib ketmasligi uchun og‘iz bo‘shlig‘ini sifatli tish pastalari bilan tozalab turish tavsiya etiladi.

Shuningdek, davolab bo‘lmaydigan tishlar olib tashlandimi, milk “qochishi”ga yo‘l qo‘ymasdan, uning o‘rniga turli kompozitdagi sunʼiy tishlarni o‘rnatish maqsadga muvofiq. Qandli diabet kasalligi bo‘lgan bemorlar bir yilda 3-4 marotaba stomatolog ko‘rigidan o‘tib turmasa, qisqa vaqt ichida 60- 70 foiz tishlarini yo‘qotib qo‘yish mumkin.

Ovqatlanish ratsioniga eʼtibor bermay turib, nafaqat parodontoz, balki boshqa tish kasalliklari ham zo‘rayib ketishini unutmaslik kerak. Tarkibida S, A, V vitaminlari bo‘lgan qattiq meva-sabzavot turlari – qizil bulg‘or qalampiri, bodring, sabzi, sarimsoqpiyoz, olma, turp, rediska, qorag‘at (smorodina) taomnomadan o‘rin olsa, muammoga o‘rin qolmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41217 | Инструменты