Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tibbiyot sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar inson manfaatlarini himoya qilish, tibbiy-profilaktik yordam sifati va samaradorligini oshirish, onalik va bolalikni muhofazalashda o'zining yuksak samaralarini beryapti. Barkamol avlod yilida bunday xayrli ishlar ko'lami yanada kengaymoqda.
Ushbu yo'nalishda belgilangan vazifalarni bajarishda tegishli davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar hamkorligi o'z samaralarini berayotir. O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi, "Sog'lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg'armasi hamda Koreya Respublikasining xalqaro sog'liqni saqlash jamg'armasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar bunga misoldir. Ayni paytda ushbu hamkorlik doirasida Koreya Respublikasining Seul milliy universiteti gospitalidan bir guruh olim, shifokor va mutaxassislar mamlakatimizga tashrif buyurdi, deb xabar beradi O'zA.
Poytaxtimizda va Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan oilalar a'zolari va tibbiy ko'makka muhtoj bemorlar koreyalik shifokorlar tomonidan tibbiy ko'rikdan o'tkazilmoqda.
Xayriya tadbirlari ishtirokchilarining ikkinchi guruhi Toshkent pediatriya tibbiyot institutida shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj, kam ta'minlangan oilalar farzandlarini davolash ishiga o'z hissasini qo'shayotir.
"Sog'lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg'armasidan ma'lum qilishlaricha, mazkur xayriya aksiyasida yuragida tug'ma nuqsoni bor 10 nafar bolaga zarur tibbiy yordam ko'rsatiladi. Hozirga qadar ularning 5 nafari muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Besh yoshli toshkentlik Mohira Daminova ulardan biridir.
– Nevaram ilgari deyarli davolash imkoni bo'lmagan kasallikdan xalos bo'lganini o'z ko'zim bilan ko'rib, tibbiyotimiz jahon andozalari darajasiga chiqqaniga ishonch hosil qildim, – deydi uning buvisi Madina Husainova. – Hozir nevaram oyoqqa turdi, ishtahasi ham yaxshi. Charchash, hansirash, tunlari bezovtalanish singari xastalik alomatlari butunlay yo'qoldi.
Shuningdek, yurtimizdagi tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni yanada qo'llab-quvvatlash maqsadida hamkor tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan "Og'riqsiz yurak" xalqaro aksiyasi ham davom etmoqda. Unga ko'ra, shu yilning avgust-sentabr oylarida shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj, kam ta'minlangan oilalarning o'n nafar farzandi Janubiy Koreyaning nufuzli klinikalarida davolanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81614 | Инструменты