13 avgust kuni Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi davlat kotibi Jambalseren Temur-Uya O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Ilzat Qosimov ikki davlat prezidentlarining so‘nggi yildagi o‘zaro tashriflari yakunlari bo‘yicha kelishilgan ishlar qisqa muddatlarda amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Masalan, O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh tirik qo‘y va echki sotib olishga rozi bo‘ldi va 15 ming bosh qo‘y jo‘natishga tayyor ekanini eʼlon qildi.
Bundan tashqari, u Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga eksport qilinadigan qo‘y go‘shti mamlakat isteʼmolchilari orasida talabga ega ekanini taʼkidladi. Maʼlum qilinishicha, kelajakda Mo‘g‘ulistonda qayta ishlangan qo‘y go‘shti to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakatning tarmoq do‘konlariga sotilishi mumkin.
Ilzat Qosimov ikki tomon o‘rtasida go‘sht savdosi tarmog‘ini birgalikda yaratishda xususiy sektor asosiy rol o‘ynashini aytib, Mo‘g‘uliston go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini O‘zbekistonda ishlashga taklif qildi. Uning aytishicha, bu yo‘nalishda jun va kashemir tarmoqlarida hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81616 | Инструменты