Bu o‘zbek manbashunosligi uchun nihoyatda muhim topilma ekanligi qayd etildi
Yaqinda “Shajarayi turk” asarining Gurlan nusxasi topilgani haqida xabar qilingandi. Xorazm ahli bisotida noyob qo‘lyozmalar hamon bisyorligiga qayta-qayta guvoh bo‘lmoqdamiz. Buning yana bir isboti sifatida Xiva shahar ichki ishlar bo‘limi to‘qqizta nodir kitobni Xorazm Ma'mun akademiyasi tasarrufiga topshirganini keltirish mumkin.
Quvonarlisi, tarixiy xazina orasida Sa'diy Sheroziyning “Guliston” asari turkiy tarjimasi ham borligi, ayniqsa, uni Muhammadrizo Ogahiy shaxsan o‘z qo‘li bilan yozgani aniqlanishi o‘zbek manbashunosligida katta yangilik bo‘ldi. Tadqiqot asnosida esa bizni yana muhim ilmiy kashfiyot aniqlandi.
Shoir, muarrix va mutarjim Muhammadrizo Ogahiy sohibi iqtidor va ijod ko‘lami nuqtai nazaridan mumtoz adabiyotimizda haqli ravishda Alisher Navoiydan keyin ikkinchi o‘ringa qo‘yiladi. Undan bitta devon, oltita tarixiy va o‘n to‘qqizta tarjima asar meros bo‘lib qolgan. She'riy va tarixiy kitoblarining qo‘lyozmalari bizgacha to‘liq yetib kelgan, tarjimalari esa hali yaxlit tadqiq etilmagan.

Xiva xonligida badiiy ijodning tarjimonlik yo‘nalishi ham rivojlangan edi. Kim qaysi kasb egasi bo‘lganidan qat'i nazar, qalamga aloqadorligi bormi, albatta, tarjima ishiga jalb etilardi. Bu davrda bir asarning hatto besh xil tarjimasini uchratish mumkin. Mutarjim mahoratiga esa saroyda xon boshchiligidagi anjumanlarda baho berilardi, eng yaxshi ishlar pul mukofoti va sovg‘alar bilan taqdirlanardi. Tarjimonlarning peshqadamlaridan biri esa Muhammadrizo Ogahiy mirob edi.
Ogahiy ijodining ilk yillarida fors tilidan tarixiy asarlarni tarjima qilishga tutingan. Mahorati oshib borgani sari badiiy asarlarni nazmdan nazmga o‘gira boshlagan. Uning tarjimonligi xususida ilk ma'lumot Arminiy Vamberi (1832–1913) kitobida keltirilgan.

Vengriyalik sayyoh-olim Xorazmda she'riyatga qiziqish kuchliligi to‘g‘risida so‘z yurita turib, shunday yozadi: “Xivada ikki aka‑uka bilan tanishdim. Biri Munis bo‘lib, ajoyib she'rlar bitadi; ayrimlarini keyinchalik nashr qildirmoqchiman. Ikkinchisi Mirob. Ulkan sabr bilan Mirxondning katta tarixiy asarini farzandi uchun, garchi o‘g‘lining o‘zi ham fors tilidan xabardor bo‘lsa‑da, o‘zbek‑turkiy lahjasiga o‘girmoqda. Bu ish yigirma yil davom etgan, lekin biror kimsa oldida e'tirof etishdan uyalardi. Zero, diniy ilmlardan boshqasi bilan shug‘ullanish yuzakichilik hisoblanadi”.
Ogahiy fors tilidan o‘n sakkizta va usmoniy turkchasidan bitta asar tarjima qilgan. Yirik olim Yuriy Bregel (1925–2016) adibning tarjima asarlari ro‘yxatini yillar ketma-ketligida tuzishga qiynalgan. Ammo ogahiyshunos olim Nuryog‘di Toshev xuddi shunday xronologiyani shoirning o‘zi devonida berganini aniqlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52201 | Инструменты