2025 yil 30 iyun sanasida “Fitch Ratings” — xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining uzoq muddatli kredit reytingi “barqaror” prognozi bilan “BB” darajasiga ko‘tarilganini eʼlon qildi.
“Fitch” agentligining tahliliy hisobotida qayd etilishicha, reytingning oshirilishi O‘zmilliybankning mamlakat iqtisodiyotidagi strategik roli va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini aks ettiradi. Uning davlatga tegishli bo‘lgan ulushi va strategik tarmoqlarni kreditlashdagi muhim o‘rnini hisobga olgan holda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli o‘rtacha yuqori deb baholanmoqda», — deyiladi Fitchning rasmiy bayonotida.
“Fitch Ratings” O‘zmilliybankni mamlakatning eng yirik va muhim moliyaviy institutlaridan biri sifatidagi ahamiyatini alohida taʼkidladi. Bank tashqi iqtisodiy hisob-kitob tizimida barqaror o‘rinni saqlab qolmoqda, xalqaro moliyalashtirishni faol jalb etmoqda va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.
2025 yil boshida bankning asosiy moliyaviy natijalari quyidagicha edi:
• kapital 8,4%ga o‘sib, 1,6 mlrd AQSH dollarini tashkil qildi;
• aktivlar 10,5 mlrd AQSH dollarga yetdi;
• kredit portfeli o‘tgan yilga nisbatan 8%ga oshib, 8,7 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi;
• bankning sof foydasi 133 mln AQSH dollarini tashkil etdi — bu mamlakatdagi tijorat banklari orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Barqaror moliyaviy natijalardan tashqari, 2024 yil aprelida “Fitch” agentligi O‘zmilliybankning “Viability Rating” (Barqarorlik reytingi) ni “b” dan “b+” ga ko‘tardi, bu esa aktivlar sifatining barqarorligi, foydalilikning o‘sishi va kapitalizatsiyaning yuqoriligini tasdiqlaydi. Bu bankning tashqi qo‘llab-quvvatlashdan mustaqil ichki barqarorligini oshganidan dalolat beradi.
Bank mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar reytingida 8-o‘rinni egallagan bo‘lib, 2024 yilda byudjetga 1,5 trln. so‘mdan ortiq soliq to‘ladi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 48% ga ko‘p demakdir.
“Fitch” O‘zmilliybankni O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalardagi ishtiroki va tashabbusini ham alohida taʼkidladi. Xususan, 2024 yilda O‘zmilliybank tomonidan 1,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida 280 dan ortiq loyiha moliyalashtirilgan. Ular orasida infratuzilma, energetika, transport, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalari mavjud.
Hozirgi kunda O‘zmilliybank dunyoning 70 mamlakatidagi 578 ta moliyaviy institutlar bilan hamkorlik qilmoqda, jumladan, “JP Morgan”, “Citibank”, “Commerzbank” va “Deutsche Bank” kabilarni sanash mumkin. Shuningdek, Bank Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), KfW, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va boshqa yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi dasturlarda faol ishtirok etmoqda.
Rivojlanish va rejalar
2025 yil natijalari bo‘yicha O‘zmilliybank London fond birjasida 400 mln. AQSH dollari miqdorida yevroobligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda, shulardan milliy valyutada 100 mln. dollargacha miqdorda chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu Bankning ishonchli qarz oluvchi va investitsiya hamkori sifatidagi nufuzini yana-da mustahkamlaydi.
Shuningdek, bank “Global Finance” tomonidan “O‘zbekistonning eng yaxshi banki” sifatida eʼtirof etildi. Bundan tashqari, YETTB tomonidan Markaziy Osiyodagi kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda yashil moliyalashtirishni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofot bilan taqdirlandi.
“Fitch” agentligi tomonidan O‘zmilliybankning reytingi “BB” darajasiga ko‘tarilishi va prognozning “Barqaror” deb baholanishi— bu nafaqat bankning hozirgi barqarorligi va samaradorligini tan olish, balki global investitsion hamjamiyatning ishonchining ortishi belgisi hisoblanadi. O‘zmilliybank o‘z o‘rnini tizimli ahamiyatga molik, xalqaro miqyosda faol va strategik jihatdan muhim bank sifatida mustahkamlab, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida asosiy rolni o‘ynaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70500 | Инструменты